Tramp NATO a’zolariga ishonmayapti

240

Prezident Donald Tramp NATOning boshqa a’zolari zarur bo‘lganda AQSHni himoya qilishga tayyorligiga shubha qilishi, ittifoq salohiyatga ega bo‘lsa-da, mudofaa xarajatidagi adolatsizlik baholanishi kerakligini bildirdi.

– NATOning salohiyati yuqori, lekin biz tuzilma haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak, – degan u Oq uyda. – Hozir juda adolatsiz voqealar sodir bo‘lmoqda. Men kelishimdan oldin AQSH mudofaa uchun deyarli 100 foiz to‘lagan. Shuningdek, boshqalar bizni savdoda ham aldayapti.

Ta’kidlanganidek, Alyansga nisbatan bildirilayotgan asosiy e’tiroz shunda: Yevropaning Qo‘shma Shtatlarni himoya qilishga tayyorligi shubha ostida.

– NATO bilan bog‘liq eng asosiy bir muammo bor, – deydi Tramp. – To‘g‘ri, yigitlarni bilaman, ular mening do‘stlarim. Binobarin, AQSHda muammo paydo bo‘lib, murojaat qilsak, ular bizni himoya qilish uchun keladi, deb o‘ylaysizmi? Har holda, men bunga ishonmayman.

Amerika yetakchisi ta’kidlashicha, o‘zi boshchiligidagi Qo‘shma Shtatlar umumiy mudofaa uchun yetarli mablag‘ ajratmayotgan NATO davlatlarini himoya qilmaydi.

– Sog‘lom fikr shuki, to‘lamasa, biz ularni himoya qilmaymiz, – dedi Oq uy rahbari. – Ayni fikr bildirilganda har doim “U NATOni buzyapti” qabilida qizg‘in bahs-munozara yuzaga keladi.

Amerika rahbari ta’kidlashicha, Tokio va Vashington o‘rtasida ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelgan. Qo‘shma shtatlar Yaponiyani himoya qilishi kerak. Kun chiqar yurt esa bunga majbur emas, lekin AQSH bilan iqtisodiy hamkorlikdan manfaat ko‘rmoqda.

S.Rahimov, O‘zA