Jiddada IHT Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Saudiya Arabistoni Jidda shahrida tashkil etilgan Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashi navbatdan tashqari yig‘ilishida Falastindagi vaziyat muhokama qilindi.
IHT Axborot agentliklari ittifoqi UNA-OICma’lum qilishicha, tadbir Kengashga raislik qilgan Kamerun Respublikasi tashqi ishlar vaziri Lugen Mbela Mbelaning nutqi bilan boshlandi.
U mazkur muloqot Falastin – Isroil munosabatidagi o‘zgarishlar, jumladan falastinliklarni ko‘chirishga chaqiriq yangrayotgan bir paytda o‘tayotganini ta’kidlab, yuzaga kelgan vaziyatni haqqoniy baholash, kelajakka nazar tashlash uchun bir tin olish, shu bilan birga tashkilot Nizomi va BMTning tegishli qarorlariga muvofiq, ushbu muhim masala bo‘yicha mushtarak yondashuvni saqlab qolish zarurligini qayd etdi.
IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha Arab sammiti tomonidan qabul qilingan G‘azo sektorini qayta qurish rejasini yana bir bor qo‘llab-quvvatladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi.
– Umumiy farovonlik yo‘lidagi hamjihatlik juda muhim, – dedi vakilimiz. – Atrofimizda sodir bo‘layotgan chaqiriqlar bo‘yicha muntazam almashinuv va muloqotni davom ettirish zarur, deb hisoblaymiz. Biz barcha hamkorlar bilan do‘stona aloqani kengaytirish tarafdorimiz.
Jiddaga safari davomida mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud bilan uchrashib, keng qamrovli qo‘shma investitsiya dasturini amalga oshirish, iqtisodiy sheriklik, xususan turizmni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo aloqalarini kengaytirish hamda dolzarb xalqaro masalalar bo‘yicha muloqotni kuchaytirish maqsadi o‘zaro ma’qullandi.
– Muntazam muloqot va almashinuv mamlakatlarimiz strategik sherikligini mustahkamlaydi, – deydi B.Saidov Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan kechgan suhbat haqida gapirarkan. – Ikki davlat rahbari imzolagan kelishuvlar ijrosini vaqtida ta’minlash, IV Oliy darajadagi strategik kengashni Toshkentda o‘tkazish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi shartnomani yangilash kabi muhimmavzularni muhokama qildik.
Vazirimiz misrlik hamkasbi Badr Abdul’atiybilan muzokara chog‘ida respublikamizning Qohira bilan aloqani mustahkamlash, mavjud hamkorlikni kengaytirish maqsadini bildirdi.
2025 yilga mo‘ljallangan boy va ko‘p qirrali kun tartibi, jumladan oliy darajadagi muloqot, siyosiy maslahatlashuvning 12-davrasi, parlament almashinuvi, Hukumatlararo qo‘shma komissiya 8-yig‘ilishi rejasi kelishib olindi.
O‘zbekiston TIV rahbari ikki davlat munosabatlari yanada chuqurlashishiga ishonch bildirdi.
O‘mon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad Al-Busaydiy bilan uchrashuvda mamlakatlarimizning foydalanilmagan ulkan salohiyatini ochishga intilish, siyosiy maslahatlashuv, Hukumatlararo qo‘shma komissiyayig‘ilishi, tadbirkorlar almashinuvi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish singari dolzarb masalalar yuzasidan muzokara o‘tkazish orqali aloqani yanada mustahkamlash ustuvor vazifa bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.
Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali Al-Yahyo bilan suhbat davomida O‘zbekiston Prezidentining Kuvaytga muvaffaqiyatli tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, muhim tarmoqlar bo‘yicha hamkorlikko‘lamini kengaytirish maqsad qilingani tasdiqlandi. O‘zaro sarmoyani ko‘paytirish, strategik sheriklikni kengaytirish, mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha hamkorlik ustuvorligini saqlab qolishi ma’qullandi.
Baxtiyor Saidov nufuzli anjuman doirasida Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid Al-Zayoniy bilan uchrashib, diplomatiya, savdo va sarmoya sohalaridagi o‘zaro munosabatni mustahkamlashga intilishni tasdiqladi. Yuqori darajadagi, jumladan Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti ikkinchi sammiti doirasidagi almashinuvning ahamiyati ta’kidlandi.
Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari mazkur yig‘ilishida Falastin Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri Muhammad Mustafo hamkorlarni G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha Falastin – Misr rejasini qo‘shma arab-islom rejasi sifatida qabul qilishga chaqirdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA