Yosh harbiylar uyga qaytdi

Vatan oldidagi muqaddas burchni bajarib, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, zaxiraga bo‘shatilgan 300 nafarga yaqin qoraqalpog‘istonlik yosh “Nukus” temir yo‘l vokzalida tantana bilan kutib olindi.
Yigitlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ota-onalar qarshi oldi.

Kutib olayotganlar egnilarida harbiy libosi yarashgan norg‘ul o‘g‘lonlarni bir yil oldin bu o‘spirinlar bugun ancha ulg‘ayib, kuch quvvatga to‘lganini e’tirof etdi. Shuningdek, xalqning osoyishtaligini himoya qilish haqiqiy mardlarning ishi ekanligi ham ta’kidlandi.

Ko‘zlarida quvonch yoshi bilan farzandlarini bag‘riga bosayotgan ota-onalar, zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni sharaf bilan ado etib kelgan mag‘rur o‘g‘lonlarning baxtiyor chehralari, ularni kuzatib turganlarning quvonchi atrofni bayram kayfiyati bilan chulg‘ab oldi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi harbiycha kuy va navolar endigina xizmatdan qaytayotgan yigitlar hayoliga armiya saflarida o‘tgan quvonchli kunlarni, hayotga toblagan mashaqqatli mashg‘ulotlarni, birga yelkama-yelka safda turgan safdoshlarni, pand-nasihati bilan ustozga aylanib qolgan komandir va boshliqlarni yodga solgan bo‘lsa, ajab emas.
Albatta, hayot maktabini o‘tagan, dunyoqarashi kengayib, qat’iyatli bo‘lib kelgan yigitlar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishib, kelgusida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovon hayoti uchun fidoyi, yurt taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan fidoyi inson bo‘lishga harakat qilishadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri