250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi

Mamlakatimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratilayapti.
–Men bir fikrni takror va takror aytishdan sira ham charchamayman. Bitta qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi,– dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar bayramida so‘zlagan nutqida.
Yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasi, ekani qayd etildi. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.
Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ularning orasida xalqaro darajada e’tirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undashi ta’kidlandi.
Masalan, taniqli mikrobiolog olimamiz Dilfuza Egamberdiyeva sho‘rlangan tuproqda serhosil ekinlar yetishtirish bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun YUNESKOning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
–Ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq, albatta, baxtli bo‘ladi,–dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, har bir oiladagi qizlar bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoit yaratilishi aytildi. Xususan, bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Natijada har bir mahalladan 25-30 nafar xotin-qiz oliygohlarda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.
Buning uchun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova har bir maktabda yuqori sinfda ta’lim olayotgan qizlarimiz bilan ishlashni individual yondashuv asosida tashkil etib, ularni oliygohlarga tayyorlashi qayd etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari bu yil sharoiti og‘ir oilalardagi iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha “Yorqin kelajak” loyihasi boshlanishini ma’lum qildi. Ushbu loyiha doirasida kamida 200 nafar qiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov tizimi esa yana 250 ming nafar xotin-qizni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun mas’ul bo‘lishi aytildi.
O‘zA