Yosh xokkeychilarimiz jahon chempionatida tengsiz

680

Joriy yilning 28 fevral – 6 mart kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu musobaqada O‘zbekiston xokkey terma jamoasi jahon chempionati III divizioni “B” guruhida JAR termasini 12:0, Lyuksemburgni 12:1, Turkmanistonni 8:2, Bosniya va Gersegovinani 11:3 va Tailand terma jamoasini 3:2 hisobida yengdi.

Buning natijasida o‘z guruhida yuz foizlik natija qayd etgan xokkeychilarimiz kelasi mavsumda U18 jahon chempionatida III divizionning “A” guruhida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi sardori Jasurbek Rustamxonov 5 o‘yinda 22 ochko (14 gol + 8 assist) jamg‘arib, turnirning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi.

Ma’lumot o‘rnida: Aprel oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Armanistonda o‘tadigan jahon chempionatida o‘z debyutini o‘tkazadi. Xokkeychilarimiz IV divizionda o‘tadigan bahslarda ishtirok etadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA