O‘g‘lonlar Vatan himoyasiga yo‘l oldi
Nukus shahridagi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining 55 metr balandlikda o‘rnatilgan davlat bayroqlari oldidagi maydonda chaqiruv yoshiga yetib, saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bir guruh qoraqalpog‘istonlik yoshlar armiya safiga tantana bilan kuzatildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Rahmatullo Rahmonov, kuch tuzilmalari vakillari, keng jamoatchilik, yoshlar hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun birinchilardan bo‘lib yo‘l olgan 200 nafarga yaqin mard o‘g‘lonni tantanali kuzatish marosimida so‘zga chiqqanlar ona yurtimiz chegara sarhadlari ishonchli qo‘llarda ekanini e’tirof etib, qoraqalpog‘istonlik yoshlarga yuksak ishonch bildirdi. Ona Vatanni qo‘riqlash har bir yigit kishining muqaddas burchi ekani, bunday mas’uliyatli vazifa eng sara o‘g‘lonlarga nasib etishi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev o‘z nutqida bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga berilayotgan katta e’tibor har jabhada namoyon bo‘layotganini, o‘tgan yili 235 nafar qoraqalpog‘istonlik yosh muddatli harbiy xizmatga borib, oliy harbiy ta’lim muassasalarga o‘qishga kirishda o‘zi to‘plagan ballardan 50 foizini qo‘shimcha sifatida beradigan hamda boshqa oliy ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘qishga kirishda yengillik yaratadigan harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomalariga ega bo‘lganini e’tirof etdi. Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘tgan yili imtiyozli tavsiyanoma olganlardan 5 nafar qoraqalpog‘istonlik yigit harbiy bilim yurtlariga, yana 149 nafari boshqa ta’lim dargohlariga o‘qishga kirganini faxr va iftixor bilan tilga oldi.
Tadbir yakunida harbiy xizmatga ketayotgan o‘g‘lonlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori tomonidan yuvinish anjomlari va shaxsiy gigiyena vositalari jamlanmasi hamda “Askarga eslatma” kitobchasi tarqatildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri