Davlat xizmati: matbuot anjumani o‘tkazildi

273

Nukusda davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilishning ochiq, shaffof tizimi, shuningdek, ushbu sohada Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar natijasi yuzasidan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosi haqida so‘z bordi.

Jumladan, davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari A.Reimbayev va boshqalarning ta’kidlaganidek, davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bo‘linmalari respublikada kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatining zamonaviy tamoyillarini joriy etishda eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Qaror bilan, davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda kadrlarni saralab olish, shaffof va adolatli tartibini joriy etish, xodimlarning mansab pog‘onalaridan ko‘tarilishda mehnat faoliyatini axloq-iroda sifatlari, iqtidori va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholashga asoslangan teng imkoniyatlar yaratishdir. Shuningdek, kadrlar salohiyatini doimiy rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy odob-axloqni, korrupsiyaga qarshi turish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, muntazam asosda kadrlarning professional darajasini oshirish, bunda ularning uzluksiz ta’lim olishini tashkil etish kabi vazifalar ilgari surildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish uchun jami 69 nafar nomzodning ro‘yxati shakllantirildi va 19 nafari mobil zaxira uchun tanlab olindi. Kadrlar zaxirasiga olingan 5 nafar nomzod yuqori lavozimlarga tayinlandi. Ularning tizimli fikrlash, vaqtdan unumli foydalanish, ijtimoiy intellekt, jamoaviy ishlash, chet tilini o‘rganish va kitob mutolaasi bo‘yicha olti oyga mo‘ljallangan shaxsiy rivojlanish rejalari ishlab chiqilgan.

Shahar va tuman rahbarlik lavozimlari uchun Istiqbolli kadrlar zaxirasiga 139 nafar nomzodning ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan 136 nafari aprel-may oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari hamda shahar va tuman hokimliklarida ikki haftalik stajirovka o‘tadi. O‘tgan yili ulardan 21 nafari, shuningdek, salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgan 45 nafar nomzoddan 8 nafari yuqori lavozimga tayinlandi.

O‘tgan yil mobaynida 1 ming 197 nafar xodimning malakasini oshirish ta’minlandi. Shuningdek, “Mahalla yettiligi” uchun 452 ta fuqarolar yig‘inda o‘tkazilgan 43 ta seminarda 2 ming 90 nafar xodim ishtirok etdi. Vazirlik va tashkilotlarda xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan 19 ta o‘rganish va monitoring o‘tkazildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 10 ta taqdimnoma, 7 ta ogohlantirish va 1 ta ma’muriy taklif kiritildi. Bundan tashqari, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun talablarini ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklardagi 454 nafar xodim tibbiy xatlovdan o‘tkazilib, xavf guruhlariga ajratildi.

Yil yakuni bo‘yicha barcha sektor rahbarlarining faoliyati Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining “samaradorlik.uz” elektron platformasida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholandi.Aholining sektor rahbarlari faoliyatidan qoniqish darajasini aniqlash maqsadida aholi va fuqarolar yig‘inlari raislari orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.

Filialga o‘tgan yil davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 24 ta murojaat kelib tushib, ular qonunchilik hujjatlari asosida hal etildi. Shuning bilan bir qatorda, Telegramdagi vacancy_argos_bot kanaliga hamda filialning ishonch telefoniga kelib tushgan 8 mingdan ortiq murojaatga o‘z vaqtida javob berilishi ta’minlandi. Shuning faoliyatni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish bo‘yicha 600 dan ortiq targ‘ibot tadbiri amalga oshirildi.Yangidan tayinlangan tuman hokimlari uchun ekspress-treninglar tashkil etildi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA