Maqsad – yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish

265

“Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan “German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation” tashkiloti bilan hamkorlikda yoshlar va xotin-qizlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Jumladan, “O‘zbekistonda agrar sektorni kuchaytirish va yetarli moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish orqali qishloq hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida  tashkil etilgan “Biznes reja tuzish va bank suhbatlarini o‘tkazish” mavzusidagi o‘quv-seminarlarida  Orolbo‘yidan shu kungacha 700 nafardan ortiq yosh hamda xotin-qiz bilim va ko‘nikmalarini oshirdi, – deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi rahbari Nazira Yelibayeva. – O‘tgan yili Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligining (BMZ) moliyaviy ko‘magida Nukus shahridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining “Do‘stlik uyi”da yoshlar va xotin-qizlar uchun tashkil etilgan biznes o‘quv markazi muhim ahamiyat kasb etdi. Zamonaviy  mebel hamda texnik jihozlari bilan ta’minlangan ushbu o‘quv xonasi mintaqadagi tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarni va xotin-qizlarning moliyaviy, iqtisodiy va tadbirkorlik bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘quv tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida barcha o‘quv materiallari va jihozlari bilan dala seminarlari, ochiq osmon ostida turli formatdagi tadbirlar o‘tkazish maqsadida “German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation”  tashkiloti tomonidan “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limiga  1 ta Damas rusumli o‘quv avtotransport vositasi taqdim etildi.

Joriy yil fevral oyida Nukusda  “Fermer xo‘jaligi biznes o‘yini” va “Mikro biznes o‘yini” nomli 6 ta biznes seminar-treningi o‘tkazildi. Undan ko‘zlangan maqsad, tadbirkorona fikrlash va harakat qilishni, mikrofirmalarning qiyinchiliklari va imkoniyatlari hamda ularga qanday munosabatda bo‘lishni, buxgalteriya hisobi va nazorat qilishning asosiy prinsiplarini o‘rgatishdan iborat. Shuningdek, ishtirokchilar mijozlarni tushunish va marketing bo‘yicha asosiy bilimlarni rivojlantirish, bozor dinamikasi va raqobat, mikromoliya tashkilotlari va mijozlar o‘rtasidagi ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘lib hisoblanadi.

Seminarlar davomida ishtirokchilar moliyaviy bilimlarni oshirish va o‘z biznesini boshqarish, yangi biznes imkoniyatlarni aniqlash va mahsulotlar bilan tanishish, bozorni zarur investitsiyalar bilan kengaytirish hamda daromadni oshirish yuzasidan ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Shuningdek, fermerlar va qishloq xo‘jaligi tadbirkorlarining savodxonligini oshirish, shu orqali ularning moliyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirlar doirasida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi o‘rtasida tadbirkorlik sohasida talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Seminar-treningni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri