Bolalar quvonchi barchaning quvonchi

Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida bir kunda uchta maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizning eng olis, chekka hududlarida ham zamonaviy usulda jihozlangan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etilib, bolajonlarning baxtli kelajagi uchun xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tumanning “Paxtachi” hamda “Cho‘pon” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida ushbu qaror ijrosi doirasida yangidan barpo qilingan 36- hamda 37- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, “Qilchinoq” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Sapargul, Dilfuza, Shirinoy” davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil qilingan maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi aholi uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda tuman hokimi V.Niyazimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari B.Ótemuratov va boshqalar yig‘ilganlarni yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda barcha sohalar qatori ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu asosda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilib, eng olis, chekka hududlarda ham bog‘chalar barpo etilmoqda. Yangidan foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hudud bolalarining sog‘lom va navqiron avlod bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri