Dzyudo: yangi bosh murabbiylar tayinlandi

185

Bir necha yil davomida O‘zbekiston erkaklar va ayollar termasi jamoa bosh murabbiyi lavozimida samarali faoliyat yuritib kelgan Ilias Iliadis, shuningdek, ayollar terma jamoasida ishlagan germaniyalik Marko Spittka va yaponiyalik Mikki Tanaka bilan shartnoma muddatlari yakunlandi.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilari yangi murabbiylar masalasida bir nechta nomzodlarni ko‘rib chiqdi.

O‘rganishlar tahlilidan kelib chiqib,  hamyurtimiz Andrey Shturbabin ayollar, estoniyalik mutaxassis Aleksey Budolin dzyudo bo‘yicha erkaklar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Har ikki mutaxassis bilan shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Aytish lozim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Andrey Shturbabin 2005-2017 yillar davomida milliy terma jamoamizda bosh murabbiyi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan davrda Rishod Sobirov, Diyorbek O‘razboyev, Abdulla Tangriyev singari sportchilarimiz Olimpiya o‘yinlarida jahon chempionatlarida munosib natijalarga erishgan.

Davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan A.Shturbabin Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan 2011 yilning eng yaxshi murabbiyi, deb topilgan.

Estoniyalik mutaxassis Aleksey Budolin dzyudochilik faoliyati davomida “Sidney-2000” Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. Jahon chempionatlarining kumush va bronza medali sovrindori. Yevropa chempioni hamda to‘rt marotaba sovrindori bo‘lgan.

Murabbiylik faoliyati mobaynida Estoniya terma jamoasi (2013-2016)da ishlagan. 2017 yildan shu kungacha esa Shveysariya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA