Tayvanning “TSMC” kompaniyasi AQSHning chip ishlab chiqarish tarmog‘iga sarmoya kiritadi

“Taiwan Semiconductor Manufacturing Co” (TSMC) tomonidan AQSHda mikrochiplar ishlab chiqarish uchun qurilajak zavodlarga jalb qilinayotgan 100 milliard dollarlik sarmoya Qo‘shma Shtatlarga dunyodagi mikrochip bozorining qariyb 40 foizini nazorat qilish imkonini beradi. Bu haqda mamlakat prezidenti Donald Tramp bayonot berdi.
– Ilgari “Intel” bilan katta ulushga ega edik, lekin hozir bizda juda kam narsa bor va ushbu bitim hamda amalga oshirilayotgan yana bir nechta shartnoma orqali mikrochip bozorining 40 foiziga ega bo‘lamiz, -dedi Oq uy rahbari.
Ma’lumot o‘rnida: “TSMC” dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 2020yilda AQSH iqtisodiyotiga ilk sarmoyasini kiritib, Arizonada 12 milliard dollarlik zavod qurdi. Shundan so‘ng,“TSMC” o‘z tarmog‘ini kengaytirib, yana ikkita zavodni qo‘shdi va sarmoya hajmini 65 milliard dollarga yetkazdi. O‘tgan yilning oxirida mazkur zavodlarda mahsulot ishlab chiqarish boshlangan.
“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, “TSMC”ning chiplari sun’iy intellekt texnologiyalari, smartfonlar va boshqa ilg‘or elektronika mahsulotlari uchun juda muhim hisoblanadi.
S.Rahimov, O‘zA