Zelenskiy Oq uydagi janjaldan afsusda va vaziyatni tuzatmoqchi
Prezident Vladimir Zelenskiy seshanba kuni AQSH Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilganini e’lon qilgandan bir necha soat o‘tib, Oq uyda Donald Tramp bilan bo‘lgan qizg‘in suhbat “afsuslanarli” kechgani va “buni tuzatish vaqti kelgani”ni, aytdi.
– Juma kuni Vashingtondagi uchrashuvimiz kutilgandek o‘tmadi, – degan u. – Shunday bo‘lgani juda achinarli. Hammasini tuzatish vaqti keldi. Kelgusi hamkorlik va muloqot samarali bo‘lishini istardik.
O‘sha qizg‘in fikr almashishdan so‘ng Amerika yetakchisi Ukraina bilan kelishuv muhokamadan tashqaridaligini bildirdi. Seshanba kuni esa Zelenskiy Kiyev Tramp ma’muriyati xohlayotgan noyob yer minerallari bo‘yicha kelishuvni imzolashga tayyorligini bildirdi. Bu xabarni “Euro News” tarqatgan.
– Mineral qazilmalar va xavfsizlik bo‘yicha kelishuvga erishsak, Ukraina hujjatni qulay vaqt, formatda imzolashga tayyor, – degan Zelenskiy.
– Mazkur kelishuvni yanada mustahkamroq va ishonchli xavfsizlik kafolati sari qadam, deb bilamiz. Tashabbus samarali ishlashiga chin dildan umid qilaman.
Zelenskiy bilan bahsli uchrashuvdan bir necha kun o‘tib, Tramp Rossiya bilan tinchlik muzokarasiga kirishishi uchun Kiyevga bosim o‘tkazish maqsadida Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish haqida qaror chiqardi.
Kiyev rasmiylari Rossiya bilan to‘rtinchi yil davom etayotgan keng ko‘lamli urush davomida ko‘rsatgan hayotiy yordami uchun Qo‘shma Shtatlardan minnatdorligi, Vashington bilan hamkorlikni davom ettirish istagida ekanini bildirgan.
Afsuski, Ukraina va ittifoqchilar Tramp, sulhga rioya qilishiga ishonib bo‘lmaydigan Rossiya foydasiga, tezda o‘t ochishni to‘xtatishga intilayotganidan xavotirda.
Oq uy matbuot kotibi ta’kidlashicha, AQSH yechimga hissa qo‘shishini ta’minlash uchun yordamni to‘xtatib, vaziyatni o‘rganmoqda.
M.Pirmatova, O‘zA