G‘arb matbuoti Ukraina haqida

184

SkyNews: Qariyb bir yil avval vakolat muddati tugagan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni almashtirish oson kechmaydi. Uning ehtimoliy saylovda ishtirok etishining oldini olish qiyin.

– Meni almashtirish oson emas, chunki buning uchun shunchaki saylov o‘tkazish yetarli bo‘lmaydi, – degan u Londonda britaniyalik jurnalistlar bilan suhbatda. – Mening (saylovda) ishtirok etishimga to‘sqinlik qilish kerak va bu biroz qiyin kechadi.

The New York Times: AQSH Prezidenti Donald Tramp amerikalik rasmiylar bilan uchrashib, Kiyevga qarshi chora ko‘rish, jumladan harbiy yordamni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqadi.

– Tramp dushanba kuni o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchilari, jumladan Davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Xegset bilan Ukrainaga nisbatan siyosatni ko‘rib chiqish va ehtimol, chora ko‘rish uchun uchrashadi, – deb yozgan muxbir Tramp ma’muriyati rasmiysiga tayanib.

Blumberg: Buyuk Britaniya va Fransiya yaqin kunlarda Trampga Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar kiritilishida ishtirok etish va xavfsizlik kafolati berishga tayyor “Yevropa plyus” nomli davlatlar guruhini taqdim etish niyatida.

Bosh vazir Key Starmer Ukraina kelishuvini himoya qilish va tinchlikni kafolatlashni xohlaydiganlar koalitsiyasini tuzish uchun hamma ish qilinishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bunday kafolatni AQSH ham qo‘llab-quvvatlashi kerak.

CNN: Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik tezlashdi.

Qolaversa, nashr Oq uyda yuz bergan tortishuvni AQSH yetakchisi ma’muriyati Zelenskiyni obro‘sizlantirish va keyingi muzokaralardan chetlatish maqsadida uyushtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

WSJ: Agar AQSH yordam berishdan bosh tortsa, Ukraina hozirgi jangovarligini yana bir necha oy saqlab qolishi mumkin. Vashington yordamisiz ushbu mamlakat asosan Yevropadagi ittifoqchilari va o‘z mudofaa sanoatiga tayanishiga to‘g‘ri keladi. Havo hujumidan mudofaa tizimi va “yer-yer” ballistik raketalari kabi zamonaviy Amerika qurollarining ayrim turlarini qisqa muddatda almashtirishning iloji yo‘q. Bu borada Yevropa ham yetarli miqdorda yordam bera olmaydi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mamlakat so‘nggi oylarda ichki qurol-yaroq sanoatini sezilarli darajada kuchaytirib, armiyaga bir yilda 30 milliard dollarlik qurol yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lgan. 2024 yil mamlakatda 1,5 million dron ishlab chiqarildi, bu yil oxirigacha 3000 raketa va 30 000 uzoq masofaga uchuvchisiz uchadigan qurilma tayyorlanadi.

Guardian: Ukraina tinchlik shartnomasini imzolash uchun hududiy yon berish variantini tan olmaydi, deb bayonot berdi Vladimir Zelenskiy yakshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan Yevropa mamlakatlari sammitidan keyin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hatto tinchlik kelishuviga erishishga harakat qilingan taqdirda ham Ukraina o‘z hududi Rossiyaga qo‘shib olinishini hech qachon tan olmaydi.

Reyter: Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamon nodir yer osti metallari bo‘yicha kelishuvni imzolashga tayyor. U Tramp bilan munosabatni asrab qolish mumkinligiga ishonishini aytdi: Foydali qazilmalar bitimini imzolashga tayyorligimiz haqidagi fikr hali o‘z kuchida va AQSH ham bunga tayyorligiga ishonamiz.

Amerika tomoni fikricha, ushbu hujjat noyob yer osti foydali qazilmalari, neft va gazni qazib olish va tashish, shuningdek Ukraina hududida infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.

S.Rahimov,O‘zA