Suv tekin emas, uni besamar ishlatmang

281

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev va Vazirlar Kengashi raisining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligi vaziri Sh.Teshayev rahbarligida suvdan oqilona foydalanish va suv resurslari tejamkorligi, suv tanqisligi muammosini bartaraf qilish masalalariga oid yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda davlatimiz rahbarining 2024 yil 8 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 apreldagi “Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarining ijrosi tanqidiy muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv – tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda qo‘llaniladigan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralarga hududlarda suvni iste’molchilarga adolatli va teng ravishda yetkazib berilishini ta’minlash, suv resurslarining hisobi va hisobotining haqqoniy yuritilishi, suv resurslaridan oqilona foydalanishda iste’molchilarga ko‘maklashish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan talablarini to‘liq ta’minlash bo‘yicha aniq vazifa va ko‘rsatmalar belgilab berildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri