IT sohasini rivojlantirish masalasi muhokama etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev IT yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan soha vakillari bilan uchrashdi.
Unda Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi dastlab so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qaratilayotgan e’tibor va yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi va galdagi rejalar bo‘yicha fikrlashdi.

Uchrashuvda IT xizmatlarini taqdim etish, masofaviy xizmat ko‘rsatish, IT mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ishlar talab darajasida emasligi ta’kidlanib, vazifalar ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Unda o‘z vazifasini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning tegishli jazo choralariga tortilishi, shuningdek, yuqori natijalarga erishgan mas’ullar rag‘batlantirilishi qayd etildi. Shu bilan birga, IT sohasini yanada rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, barcha sohalarda raqamlashtirishning ahamiyati yuzasidan dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Uchrashuvda 2024 yil davomida yuqori natijalarga erishgan soha vakillari “Vatan fidoyisi”, “Umid uchquni” ko‘krak nishonlari hamda Jo‘qorg‘i Kengesning “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri