O‘zA fotomuxbirinig navbatdagi ko‘rgazmasi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida 8 Mart – Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston milliy axborot agentligi fotomuxbiri, Badiiy akademiya ijodkorlar uyushmasining a’zosi Maxsetbay Xabibullayevning “Umrning gultoji, muqaddas ayol!” nomli navbatdagi shaxsiy foto ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda.
Taniqli fotomuxbirning shu kungacha bir qancha ijodiy ishlari O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan tashkillashtirilgan ko‘rgazmalarda namoyish etilgan. Jumlalan, 2020 yili o‘tkazilgan “Mo‘ynoq kecha va bugun”, “Oltin kuz”, “Kumush qish” onlayn hamda 2003 yili 15 oktyabr “Xalqaro qishloq ayollari” kuniga bag‘ishlangan “Qadri baland qishloq ayoli” nomli shaxsiy foto ko‘rgazmalari shular jumlasidandir. Shuningdek, 2024 yil avgust oyida uning Toshkent Fotosuratlar uyida o‘tkazilgan “Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga” va 8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmalarda uning bir qancha suratlari o‘rin olgan.
8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan “Umrning gultoji, muqaddas ayol!” nomli shaxsiy foto ko‘rgazmasida ijodkorning jami 80 tadan ortiq foto surati joylashtiriladi. Ushbu suratlarda asosan Orolbo‘yi xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan va keng jamoatchilikka tanilgan fidoyi xotin-qizlarning suratlari tomoshabinlar nazariga taqdim etiladi. Aniqrog‘i ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, milliy qo‘l hunarmandchiligi, madaniyat, sport va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollar siymosi jurnalistika sohasining foto ocherk, foto xabar, foto korrespondensiya, fotoreportaj janrlari orqali ochib ko‘rsatilgan. M.Xabibullayev fotomuxbir sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida ijodiy safarlar davomida ishlab chiqarish korxonalari, idora va tashkilotlardagi ishchi xodimlar bilan uchrashib, ulardagi yangilanishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlari to‘g‘risida tayyorlangan fotomateriallarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlardagi xotin-qizlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mamlakatimizni, shu jumladan Orolbo‘yini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlarni izchil amalga oshirishga o‘zlarining bilimi, iqtidorini va kuch-g‘ayratini ayamasdan qo‘shayotgan fidoyilar hisoblanadi. Albatda, munis va mo‘’tabar onajonlarimiz, dilbar opa-singillarimizning madaniy hayotini yoritib beruvchi foto suratlar tomoshabinlarni, ayniqsa yoshlarimizni yuksak marralar sari ruhlantirishi shubhasiz.
Fotoko‘rgazma joriy yil 5 martdan boshlab namoyish etiladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri