Dual ta’limning imkoniyatlari keng

229

Nukusda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda “Dual ta’limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusidagi respublika forumi bo‘lib o‘tdi.

Ilk marta tashkil etilgan forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan kasbiy ta’lim tashkilotlari, vazirlik va korxonalar mutasaddilari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari dastlab kasbiy ta’lim tashkilotlarida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri B.Qayipbergenov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyiha maslahatchisi Hiris Kristian, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional ta’lim integratsiyasi boshqarmasi boshlig‘i F.Masharipov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish, shu bilan birga, kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Dual ta’lim – iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega istiqbolli yo‘nalish hisoblanib, o‘quvchi-yoshlarga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos keladigan tashkilotda ishlash bilan birgalikda olib borish imkonini beruvchi tizimdir. Bunda yoshlar 2-3 kun ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni egallasa, 3-4 kun davomida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Ahamiyatlisi, dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan vaqtda ularga korxona tomonidan ustoz biriktiriladi va ish haqi to‘lanadi. Ayni paytda ushbu tizim Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Koreya Respublikasi kabi davlatlarda iqtisodiyot tarmoqlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Forumda ma’ruzachilar respublikada dual ta’limni rivojlantirish istiqbollari, bu borada Germaniya davlatining tajribasi, dual ta’limda o‘quvchi, korxona, ta’lim muassasasi va mamlakatning hamkorlikdagi ishlari haqida ma’lumotlar berdi. Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugungi kunda 31 ta kasbiy ta’lim tashkilotida 745 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlikda dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan va ularda 1 ming 716 nafar o‘quvchi kasb va mutaxassislik sirlarini o‘rganmoqda.

Tadbir doirasida kasbiy ta’lim tashkilotlari bilan vazirlik va korxonalar o‘rtasida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlik bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolandi. Forum dual ta’limni amaliyotga keng joriy etishning ahamiyati, bu borada mavjud muammolar va ularning yechimlari, sohada kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi va savol-javoblar bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA