“Mahalla yettiligi” deputat nazoratida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga O‘zMTDPdan saylangan deputat Ruslan Djumamuratov Nukus shahridagi “Anasoy” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “mahalla yettiligi” bilan uchrashdi.
Tadbirda deputat tomonidan mamlakatimizda qonunchilik sohasida yuz berayotgan o‘zgarish va yangiliklar, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishda “mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, fikr va takliflar tinglandi.

– “Mahalla yettiligi” – mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorining ish samaradorligi ularning har biri o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatiga bevosita bog‘liq, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Gulnora Yesebayeva. – Muloqot davomida ushbu yo‘nalishdagi faoliyatimizning yanada samaradorligini ta’minlashga qaratilgan qator ma’lumotga ega bo‘ldik.
Hududda aholi soni 5 ming 865 nafar, oilalar soni 1 ming128 ta bo‘lib, ularning mahalliy transportdan foydalanish ehtiyojini qondirish maqsadida 65-sonli yo‘nalishdagi taksilar sonini ko‘paytirish, shuningdek, fuqarolarning tomorqalardan unumli foydalanish maqsadida oqova suv bilan ta’minlash borasida bir qator murojaat va takliflar bildirildi.
Deputat tomonidan ushbu masalalarning ijrosi tegishli tartibda nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri