Nazariya va amaliyot uyg‘unligi samara bermoqda

226

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilayotgan o‘quv laboratoriyalari va amaliyot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.

Nukus davlat pedagogika instituti respublikada, shu bilan birga, Markaziy Osiyoda o‘zining uzoq yillik tarixi va oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi qadriyatlariga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda oliy o‘quv yurtida 10 ta fakultet, 2 ta bo‘lim, 32 ta kafedra mavjud bo‘lib, jami 26 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 19 ta magistratura mutaxassisligida 17 ming nafardan ziyod yosh tahsil olmoqda.

Bugungi kunda pedagogika institutida 600 nafarga yaqin tajribali professor-o‘qituvchi talabalarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ulardan 233 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lib, 2024 yilda 7 nafar fan doktori (DSc), 30 nafar falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoya qildi. Hozirda mazkur o‘quv yurtining ilmiy salohiyati 40 foizni tashkil etadi.

Institutda talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarni oshirish orqali malakali kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar institutdagi o‘quv laboratoriyalar va xonalar bilan tanishdi.

Texnologik ta’lim kafedrasi o‘quv-ustaxonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Oliy ta’lim muassasalarining texnik bazasini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida jami 70 ming AQSH dollariga yaqin mablag‘ hisobidan zamonaviy asbob-uskuna bilan jihozlandi.

Ushbu o‘quv-ustaxonasining oshpazlik, temir va yog‘ochga ishlov berish, tikuvchilik kabi xonalarida talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlamoqda. Bu yerda o‘quv va amaliyot darslaridan tashqari, talabalar uchun to‘garak ishlari ham olib boriladi. 100 dan ortiq talabalar ushbu to‘garaklarda bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazmoqda. Ayni paytda ustaxonada robototexnika bo‘yicha amaliyot xonasini tashkil etish ishlari ko‘rib chiqilmoqda.

Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun tashkil etilgan o‘quv laboratoriyasi media-turning ikkinchi manzili bo‘ldi. Bu yerda talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning laboratoriya ishlarini olib borish uchun Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 592 million so‘m, shuningdek, 27 ming AQSH dollari miqdoridagi eng so‘nggi zamonaviy laboratoriya texnikalari va asbob-uskunalari keltirildi.

Media-tur ishtirokchilari institutning 90 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan yangi o‘quv binosida bo‘lib, bu yerda fizika-matematika fakultetining mexanika, molekulyar fizika, optika, elektromagnetizm, atom va elementar zarralar fizikasi, fizika o‘qitish metodikasi darslariga mo‘ljallangan laboratoriya xonalari bilan tanishdi.

Fakultetdagi laboratoriya xonalari 2019 yilda Germaniya Federativ Respublikasining “LD Didactic GmbH” kompaniyasi tomonidan olib kelingan asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar laboratoriya mashg‘ulotlarini belgilangan grafik asosida o‘tib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari institutning IT-inkubatsiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu markaz talabalar uchun yuqori texnologik startap loyihalarni ishlab chiqish uchun platforma bo‘lib, talabalar uchun turli konsultatsiyalar, musobaqalar va seminarlar tashkil etiladi.

Media-tur davomida jurnalistlar va jamoatchilik faollariga o‘quv laboratoriyalari bilan birgalikda ilmiy laboratoriyalarning ishlarini yo‘lga qo‘yish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA