Yoshlar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarini tamomlayotgan qoraqalpog‘istonlik talabalarning Toshkent shahri va viloyatlarda ishga joylashishi uchun zarur sharoitlar yaratib berish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.
Shu asosda Nukus shahridagi Oq qush majmuasida oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun maxsus bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoybergenov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari U.Muhammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zaxidov ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining Orolbo‘yi yoshlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor ularning bandligini ta’minlashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.
Joriy yilda oliy o‘quv yurtlarini 21 ming nafarga yaqin qoraqalpog‘istonlik yosh tamomlashi kutilmoqda. Shundan, 10 ming nafardan ziyodi Toshkent shahri va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarini tamomlaydi. Mehnat yarmarkasi oliy o‘quv yurtlarini bitirayotgan ana shunday qoraqalpog‘istonlik yoshlarning bandligini ta’minlashga, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi davlat, shuningdek, xususiy sektordagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘tgan o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan 2 ming 400 nafardan ziyod qoraqalpog‘istonlik yosh ishga joylashish bo‘yicha murojaat qilgan. Ammo Orolbo‘yi hududida ularning barchasini bandligini ta’minlash imkoniyati yo‘q. Shuning uchun ham o‘tkazilgan tadbir yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
– O‘tgan yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini tamomlab, shu kungacha ishsiz edim, – deydi Dinara Bozorboyeva. – Yarmarkada menga Toshkent shahridagi Biznesni rivojlantirish bankiga ishga joylashishga yo‘llanma berishdi. Qoraqalpog‘istonlik yoshlarga mana shunday imkoniyatlar yaratib berayotgan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Yoshlarning biznes va tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yangi biznes g‘oyalarni ishlab chiqishga, innovatsion loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun mahorat darslari, seminar-treninglar, mutaxassislar bilan turli mavzularda uchrashuvlar tashkil etish maqsadida “Biznes marafon” loyihasi o‘tkazildi. Shuningdek, mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishini qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga o‘qitish maqsadida biznes sayohatlar tashkil etildi.
Yarmarkada Orolbo‘yi shahar va tumanlaridan 1 ming 270 nafar yosh ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 268 nafariga Toshkent shahri va viloyatlarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Ulardan aksariyati Namangan, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi bo‘sh ish o‘rinlarini tanladi. Umuman olganda, o‘tkazilgan tadbir ko‘plab yoshlarning orzulari ro‘yobga chiqishiga, kelajakka katta maqsadlar qo‘yishiga turtki bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA