Ukrainada tinchlikni kafolatlash uchun koalitsiya tuziladi

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Key Starmer “Ukraina bilan urushni tugatish va mamlakatni Rossiyadan himoya qilish” uchun to‘rt banddan iborat reja e’lon qildi, deb yozdi BBC.
Qirollik hukumati yetakchisi fikriga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Fransiya boshchiligidagi davlatlar “xohlovchilar koalitsiyasi” doirasida sa’y-harakatni kuchaytiradi, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqiriladi.
– Bugun tarix chorrahasida turibmiz, – dedi Starmer ko‘hna qit’aning 18 davlati yetakchisi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etgan sammitdan so‘ng. Mazkur anjuman Ukraina kuchli qo‘llab-quvvatlanishni his qilgani, Yevropa birligini uzoq vaqt davomida yuqori darajada ushlab turish mumkinligini ko‘rsatdi.
Bu voqea Oq uyda bo‘lib o‘tgan Ukraina rahbari va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi qizg‘in suhbatdan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi.
– Yevropada haqiqiy tinchlik va kafolatlangan xavfsizlik o‘rnatish yo‘lida Amerika bilan hamkorlik qilishga asos topish uchun hammamiz birga ishlayapmiz, – dedi Zelenskiy anjumandan keyin.
Matbuot anjumanida Starmer tadbirda to‘rt asosiy yo‘nalish bo‘yicha kelishilganini bildirdi:
– Ukrainaga harbiy yordam oqimini davom ettirish va RFga iqtisodiy bosimni kuchaytirish;
– barqaror tinchlik Ukraina suvereniteti va xavfsizligini ta’minlashi, bu davlat har qanday tinchlik muzokarasida ishtirok etishi shartligi;
– tinchlik kelishuviga erishilgan taqdirda, kelajakda bosqinning oldini olish uchun Ukraina mudofaa qobiliyatini oshirish;
– Ukrainadagi kelishuvni himoya qilish va keyingi tinchlikni kafolatlash uchun “Xohlovchilar koalitsiyasi”ni tuzish.
Britaniya Bosh vaziri, shuningdek, 5 000 dan ortiq havo mudofaasi raketasi sotib olish uchun qo‘shimcha 2 milliard dollar ajratilishini ma’lum qildi. Bu Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan foyda hisobidan qo‘llab-quvvatlanadigan, Ukrainaga ko‘proq harbiy yordam ko‘rsatish uchun belgilangan 2,2 milliard funt sterling kreditga to‘g‘ri keladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA