Dzyudo: tatami taftini yurakdan his etganlar g‘oliblikka erishadi

184

“Katta dubulg‘a” turkumidagi “OTP Group Tashkent Grand Slam” turnirining ikkinchi kungi bahslari boshlanishi oldidan “Yunusobod” sport majmuasining ishqibozlar bilan liq to‘lgani sportchilarga o‘zgacha ruhiy quvvat bag‘ishladi.

Ortda qolgan ilk kungi bellashuvlarda umumiy medallar soni bo‘yicha Yaponiya yetakchilik qilgan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onada borayotgan mamlakatimiz terma jamoasida kunchiqar yurt vakillariga sovrinli o‘rinlardan joy olish poygasida yetib olish imkoniyati bor edi.

Biroq musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi -73 va -81 kilogramm vaznida, ayollar o‘rasidagi -63 va -70 kilo og‘irlikdagi saralashlardagi murakkab bahslar bunga izn bermadi. Yurtimizning 16 nafar vakili dastlabki saralash musobaqasida tatamiga chiqqan bo‘lsa-da, ularning 8 nafari 3 ta vaznda yarim finalga yetib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Ayollar o‘rasidagi -63 kiloda qatnashgan 4 nafar dzyudochi qizlarimizning birontasi saralashdan o‘ta olmagani yetakchilik poygasida Yaponiyadan ortda qolishimiz tayin ekanligini ko‘rsatdi.

-73 kilogrammda Vatanimiz sharafini himoya qilgan Shahram Ahadov va Obidxon No‘’monov bronza medali uchun kurashda ro‘baro‘ keldi. Omad  Ahadovga kulib boqdi.

-70 kilogramm og‘irlikda Shirinjon Yo‘ldosheva bronza uchun kechgan bahsda Xitoy Taypeyi vakilasi Yu Jung Liaoga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ayollar o‘rasidagi -70 kg. vaznda tatamiga chiqqan Xurshida Razzoqberdiyeva oltin medal yo‘lida yaponiyalik Rin Mayeda bilan bellashib, kumush medalga egalik qildi. Xuddi shuningdek, -81 kiloda bahs olib borgan hamyurtimiz Arslonbek Tojiyev IJF bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Timur Arbuzov bilan finalda ro‘baro‘ keldi hamda kumush medal bilan kifoyalandi.

Yosh dzyudochimiz Muso Sobirov -81 kg. vaznda BAA sharafini himoya qilayotgan Gajimurad Omarovga yo‘l bergan holda kuchli beshlikdan joy oldi.

Ikkinchi kungi musobaqalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan milliy terma jamoalar orasida 2-o‘rinni band etib turibdi. 1-o‘rinda borayotgan dzyudo vatani vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yetakchilikni davom ettirmoqda.

Bugun, 2 mart kuni mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat xalqaro turnirning uchinchi kunida erkaklar -90, -100, +100 kilogrammda, ayollar -78 va +78 kilogrammda kechadigan bellashuvlarda ishtirok etadi.

Musobaqalarni bevosita sport maydonida kuzatayotgan, tele ekranlar qarshisida sportchilarimizga ishqibozlik qilayotgan ming-minglab sport muxlislari aynan so‘nggi kungi kurashlarda hamyurtlarimizning g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishini intiqlik bilan kutmoqda. Bunday baxtni, oltin medal zavqini qaysi sportchimiz xalqimizga tuhfa etarkan?

Bu, eng avvalo, tatami taftini yurakdan his etib bellashuvlarda qatnashadigan sportchilarimizning texnik-taktik hozirligiga, ruhiy muvozanati qanchalik balandligiga bog‘liq, albatta.

Oxirgi kungi bellashuvlarda mahoratli dzyudochimiz, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Alisher Yusupov bilan bir qatorda iste’dodli yosh sportchilarimiz Nurbek Murtozoyev, Rustam Shorahmatov, Ernazar Sarsenbayev Muhammadali Tangriyev, Islombek Ravshanqulov, O‘tkirbek To‘raboyev g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etishiga ishongimiz keladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA