Toshkent dunyo dzyudosining markazlaridan biriga aylanmoqda

188

Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida boshlangan “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “OTP Group Tashkent Grand Slam” turniri dunyo dzyudo ishqibozlari va mutaxassislari e’tiborini yana O‘zbekistonga qaratdi.

“Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlari yo‘lida muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan turnirning ilk kunida ikkita erkaklar, 3 ta ayollar o‘rtasidagi vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi chinakam sport bayramiga, dzyudo sportining yorqin tantanasiga aylandi.

Marosim avvalida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Diyora Keldiyorova haqidagi videorolik namoyish etildi. Unda dzyudo sportining ohanrabosi, sportdagi yutuqlar nafaqat medallar bilan, balki odamlarni birdamlikka, sog‘lom turmush tarziga, irodani toblashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani tomoshabinlar qalbiga ruhiy quvvat bag‘ishladi.

Toshkent tatamilarida shiddatli bellashuvlarga chog‘langan dunyoning eng kuchli dzyudochilarini qutlash uchun so‘zga chiqqan Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov Toshkent bellashuvlarining ahamiyati, O‘zbekiston keyingi yillarda dunyo dzyudosining markazlaridan biriga aylanib borayotgani, bu, yurtimizda tashkil etilayotgan nufuzli musobaqalar shukuhida, o‘zbek sportchilarining jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.

Ochilish marosimining teatrlashtirilgan tomoshalaridan so‘ng erkaklar va ayollar o‘rtasida 5 ta vazndagi final bellashuvlariga izn berildi.

Birinchi kungi musobaqalar tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, terma jamoamizning 20 nafar sportchisi ilk kungi musobaqalarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.

Saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan 9 nafar dzyudochimizda sovrinli o‘rinlardan joy olish imkoniyati bor edi. Biroq, ularning 7 nafari 60 va 66 kilogrammda yarim finalgacha yetib keldi. Yarim final ostonasida 4 nafar dzyudochimiz 5 va 7-o‘rinlardan joy olishga majbur bo‘ldi.

“OTP Group Tashkent Grand Slam” turnirining dastlabki kungi bahslari sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada 3 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan Yaponiya terma jamoasi 23 ta davlat orasida 1-o‘rinda bormoqda. Turnirda konkursdan tashqari tarzda Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida qatnashayotgan jamoa 2 ta oltin medal bilan 2-o‘rinda borayotgan vaziyatda, 1 ta kumush, 4 ta bronza medaliga ega chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.

Bugun, 1 mart kuni xalqaro turnirning ikkinchi kungi musobaqalarida erkaklar o‘rtasida -73 va -81 kilogrammda, ayollar o‘rasida esa -63 va -70 kilo og‘irlikda bahslar tashkil etiladi.

Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat xalqaro turnir 2 martga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA