Kurashning rivoji qadriyatlarning ulug‘lanishiga xizmat qiladi

171

Bahor qiru adirlarga yashillikni, bog‘u rog‘larga gullar iforini boshlab kelishi bilan birga qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan milliy sport turlarimiz bo‘yicha keng maydonlarda o‘tkaziladigan qiziqarli bellashuvlarga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi.

Uyg‘onish, yashnash, yasharish fasli bahor singari milliy sport turlarimiz, xususan, bugun jahon sportiga aylangan kurash ajdodlarimiz qalb qo‘rida paydo bo‘ldi. Ota-bobolarimizning qon tomirlarida kuch-qudratga to‘ldi. Xalqimizning benazir farzandlarining sa’y-harakati, betinim mehnatlari, mehru-muhabbati va albatta, Mustaqilligimiz tufayli sport turiga aylandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 21 dekabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilganidek, ota-bobolarimizdan meros qadriyatimizni yangi bosqichga olib chiqish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, xalqaro darajadagi malakali trenerlar va hakamlarni tayyorlash va malakasini oshirib borish tizimida samaradorlikka erishish ustuvor vazifa sanaladi.

Shu maqsadda, kurashning xalqaro rivojini, yurtimiz yoshlari o‘rtasida ommaviyligini ta’minlash, mahoratli kurashchi yoshlarni saralash tizimida ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinyapti. Xususan,  “Prokuror kubogi”, “Mahallamiz polvoni”, “Kurash malikalari”, “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” kabi musobaqalar  sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xorijiy davlatlarda o‘tayotgan kurash tadbirlari uning jahondagi mavqei yanada mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda.

Birgina bahor ostonasida Hindistonda hakam va murabbiylar uchun “Osiyo o‘yinlariga yo‘l” dasturi doirasida 20 ga yaqin davlatning 50 nafardan ziyod mutaxassislari bir haftalik nazariy va amaliy o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashdi. Ularning ko‘pchiligi kurashning qonun-qoidasi, atamalari, kurash tarixi bo‘yicha o‘tkazilgan imtihon natijalariga ko‘ra, “A” va “V” toifadagi xalqaro sertifikatlarga ega chiqdi. Ushbu mutaxassislar turli davlat fuqarolari bo‘lsa-da, ularni “xalqaro kurash mutaxassisi”, degan yagona nom birlashtirmoqda. Bu, jahon miqyosida o‘zbek sporti kurash mutaxassislari safi ortib borayotganidan dalolatdir.

Bahor va kurash. Ayni navbahor faslining kirib kelishi bilan yurtimizning turli go‘shalarida, mahalla va qishloqlarida bayram sayllari, tantanalari boshlanib ketadi. Bunday shukuhli onlar, sayilu tantanalar kurashsiz o‘tmaydi, albatta. Shunday bellashuvlarni, O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan yashil va ko‘k yaktaklarda keng dalada, qiru adirlar yastangan maydonda bellashayotgan, kurash jozibasini ko‘rsatayotgan polvonlarni, ularni olqishlayotgan ishqibozlarni ko‘rganda qalbga g‘urur to‘ladi.

Bugun milliy sportimiz rivojiga davlatimiz tomonidan berilayotgan e’tibor tufayli yurtimizdagina emas, xalqaro maydonda ham kurash musobaqalari son va sifat jihatdan yuksaldi. Dunyoning turli davlatlarida kurash bo‘yicha ichki chempionatlar, turnirlar, mashg‘ulotlar kun ora o‘tkazilib turibdi. Bu orqali turli elu-elatlar, xalqlarning yoshlari o‘zbek sporti kurash orqali sog‘lom turmush tarziga oshno tutinmoqda, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilmoqda, ishqibozlar olqishini olmoqda.

Joriy yilning 9-14 aprel kunlari Gruziyaning Batumi shahrida ilk bor kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan Yevropa chempionati ko‘hna qit’a sportchilarini o‘zbekona qadriyatlar tegrasida jam etishi ham aslida mardlik, jasurlik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, gumanizm his-tuyg‘ularini jahon bo‘ylab keng yoyishga qaratilgani bilan qadrli.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, chempionat doirasida hakamlar va murabbiylar uchun seminar, Yevropa kurash konfederatsiyasining kongressi hamda boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi tashkil etiladi. Bu, milliy sportimizning xalqaro rivojini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur chempionatni yuqori saviyada tashkil etish, unda ishtirok etadigan xorijiy mamlakatlarning sport delegatsiyalarini kutib olish, xavfsizligini ta’minlash kabi qator masalalar xususida Yevropa kurash konfederatsiyasi prezidenti Merabi Iliades Gruziya Sport vazirligi, Ajariya ta’lim va sport vazirligi hamda Gruziya kurash federatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashib, muhim kelishuvlarga erishdi.

Aytish lozim, Batumi Yevropaning eng jozibador turizm markazlaridan biri sanaladi. Qora dengiz sohilida joylashgan ushbu shahar betakror tarixiy me’morchiligi va boy madaniyati bilan sayyohlarni hamisha o‘ziga ohanrabodek jalb etib keladi.

Batumida o‘tishi kutilayotgan chempionat Yevropada kurash sportining ommalashishiga, yosh sportchilarning xalqaro maydonda tajriba orttirishiga va kurash orqali madaniy merosimiz, Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasi xalqaro maydonda yanada yorqinroq namoyon bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan e’tiborlidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA