Bosh egmagan Zelenskiy, Ramazonni kutgan falastinliklar, Himolayda fojea

Donald Tramp qudratli mamlakatning kuchli prezidenti ekanligini isbotlay olmadi. Ukrainaning qimmatli yer minerallari bilan andormon bo‘lib yurgan Tramp juma kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyni Oq uyda qabul qildi. Siyosatchilar foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzolashi, undan so‘ng urushni to‘xtatish harakatlari boshlanishi kerak edi. Tramp faqatgina o‘t ochishni to‘xtatishga va’da bergan, Zelenskiyga esa xavfsizlik kafolatlari kerak. Chunki u Putinning qiliqlarini biladi, u kuch to‘plab xohlagan payt urush ochishi mumkin.
Shundan so‘ng Oq uda Zelenskiy, Tramp va uning vitse-prezidenti Vens o‘rtasida dahanaki jang ketgan. Kadrlarda ko‘rinadiki, muzokaralar sog‘lom va diplomatik ruhda o‘tmagan. Zelenskiyga bosim o‘tkazilgan. Hatto unga jurnalistlardan biri nega kostyum-shim kiymaganligini so‘ragan. Tramp Zelenskiyga kuchli pozitsiyada emasligini bir necha bor baland ovozda aytdi. Shunday qilib Ukraina lideri muddatidan oldin Oq uyni tark etgan va siyosatchilar o‘rtasidagi matbuot anjumani qoldirilgan.
“U Oq uyning muqaddas Oval kabinetida AQSHga nisbatan hurmasizlik qildi. U tinchlikka tayyor bo‘lganda qaytib kelishi mumkin”, – degan Tramp “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida.
“Rahmat, Amerika. Prezident, Kongress va Amerika xalqiga rahmat. Ukrainaga adolatli va uzoq muddatli tinchlik kerak. Biz bu harakatimizdan to‘xtamaymiz”, – deb yozgan Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Oq uydagi voqeadan keyin ko‘plab G‘arb davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini aytgan va Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotda bo‘lgan.
Uchrashuvdan keyin, Zelenskiy Fox News telekanaliga intervyu bergani ma’lum. Uning aytishicha, Kiyevga xavfsizlik kafolati kerak. Ukrainani NATOga qabul qilishmasa, majburlash yo‘q. Kerak bo‘lsa, Ukrainada NATO tuzishadi. Tramp esa Zelenskiy o‘ziga katta baho berib yuborganini ta’kidlagan.
Qo‘shma Shtatlardan keyin Zelenskiy Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan. 2 mart kuni Yevropa davlatlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Yevropa ham Trampni Putinga ishonmaslikka chaqirmoqda. O‘tayotgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Key Starmer ham Vashingtonda bo‘lib qaytdi.
“Buyuk Britaniyada Ikkinchi jahon urushidan keyin bir odat shakllangan. Biz tinchlikni ta’minlashimiz kerak va buning hozir ayni vaqti. Tajovuzkorlarni olqishlaydiganlardan emasmiz”, — degan Starmer.
Makron Trampga Rossiya rahbari bilan bitim tuzishning iloji yo‘qligini ishontirishga harakat qilgan. Makron Ukrainadagi urush boshlanishidan oldin Putin bilan 7 soatlab gaplashganini, har qanday tajovuzni rad etib, oxiri Ukrainaga urush ochganini aytib berar ekan, Trampga Putinning vijdoniga ishonish uchun hech qanday sabab yo‘qligini eslatgan.
Fransiya va Buyuk Britaniya kelishuvga erishilgandan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishga tayyorligini aytishgan. Faqat bu yo‘lda AQSHning madadi kerak bo‘ladi. Chunki logistika va raketalarga qarshi samolyotlar sohasida G‘arb yordamga muhtoj.
Saudiya Arabistonidagi uchrashuvdan keyin o‘tgan payshanba kuni Istanbulda Rossiya va AQSH siyosatchilarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar turli xil to‘siqlarni olib tashlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo yo‘llari qatnovini tiklash borasida gaplashgan.
G‘azodagi vaziyat
O‘tayotgan haftada HAMAS garovga olingan va halok bo‘lgan to‘rt nafar askarni topshirgandan so‘ng Isroil 600 nafardan ko‘p falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborgan. Misr vositachilari yordamida Isroilga yetkazilgan marhumlar shaxsiga aniqlik kiritilgan.
Tinchlik kelishuvi muddati 1 martga qadar edi. 27 fevral kuni Qohirada vositachilar va Isroilning jarayonni uzaytirish bo‘yicha yig‘ilishida Tel-Aviv ikkinchi bosqichga o‘tishga rozi bo‘lmagan. Falastin vakili qachonki to‘liq kelishuvga erishilsa, asirlarni ozod qilishini aytgan.
Shuningdek, G‘azoda 15 oydan keyin birinchi marta maktab yana o‘quvchilarni qabul qildi. Ushbu maktabda 300 dan ortiq o‘quvchi yangi o‘quv yilini boshlagan. 2023 yil oktyabr oyida Falastin-Isroil mojarosi avj olgan vaqtda anklavdagi maktablarning aksariyati Isroil havo hujumlari natijasida vayron bo‘lgan, ko‘plab bolali oilalar uylarini tashlab, qochqinga aylangandi.
Shuningdek, falastinliklar muqaddas Ramazon oyini kutib olishdi. Juma kuni Al-Aqso masjidida birinchi taroveh namozini o‘qishgan.
Himolayda qor ko‘chdi
Hindistonning Himolay tog‘i tepasidan ko‘chgan ulkan qor bo‘lagi yaqin hududda yo‘lni ta’mirlayotgan odamlarni bosib qoldi. Bu haqda “Daily Express” xabar bergan. Fojeadan so‘ng dastlabki daqiqalarda 41 inson hayotdan ko‘z yumgani taxmin qilingan.
Hodisa har yili yuz minglab ziyoratchi tashrif buyuradigan Badrinath ibodatxonasi yonida sodir bo‘ldi.
So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, ko‘chki Garxval tumanidagi Umumiy zaxira muhandislik kuchlari qo‘nalg‘asiga ham zarar yetkazgan.
– Dastlab 57 kishi qor ostida qolib ketdi, – deydi mahalliy politsiya xodimi. – Qutqaruvchilar 16 kishini qutqarishga erishdi. Ularning besh nafari og‘ir ahvolda harbiy tibbiyot muassasasida davolanyapti.
150 harbiy xizmatchi tirik qolganlarni izlashda maxsus guruhga yordam beryapti. Mansabdor shaxslar fikricha, noqulay ob-havo sharoiti qutqaruv ishiga to‘sqinlik qilyapti.
– Kuchli yomg‘ir tufayli harakatlanish qiyin kechyapti, – deydi Chamoli tumani hokimi Sandip Tivari. – Mutaxassislar va ko‘ngillilar astoydil mehnat qilishyapti.
Sardorbek Poyonov, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.