“Talabalar teatr studiyalari festivali” – iqtidorli yoshlar maydoni
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalar teatr studiyalari festivali bo‘lib o‘tdi.
Talaba-yoshlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini va ma’naviy kamolotga yo‘naltirish orqali amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda iqtidorli yoshlarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan festivalda institutning barcha fakultetlaridan jamoalar ishtirok etdi.
Har bir fakultetning iqtidorli talabalari gender tengligi va jamiyatda teng huquqlilik, mahalliy va global nizolarning yoshlar hayotiga ta’siri, atrof-muhit va ekologik muammolar, ijtimoiy tarmoqlar va ularda yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida so‘z yurituvchi sahna ko‘rinishlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi. Ularning sahna mahorati hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholandi.
Festival yakunida birinchi o‘rin fizika-matematika fakulteti, ikkinchi o‘rin turkiy tillar fakulteti, uchinchi o‘rin maktabgacha ta’lim fakulteti jamoasiga nasib etdi. Shu bilan birga, tarix fakulteti “Hayotiy muammolarni ko‘tarib chiqqanligi uchun”, boshlang‘ich ta’lim fakulteti “Ijtimoiy muammolarni yoritgani uchun”, tabiiy fanlar fakulteti “Ekologik muammoni yoritgani uchun”, pedagogika fakulteti “Milliy qadriyatlarni yoritgani uchun”, jismoniy madaniyat fakulteti “Yoshlar muammosini yoritgani uchun” va chet tillar fakulteti “Global muammolarni yoritgani uchun” nominatsiyalar bilan taqdirlandi.
Pedagogika fakulteti talabasi Feruza Bekbauliyeva “Eng yaxshi ayol roli”, fizika-matematika fakulteti talabasi Nurmuhammed Saparbayev “Eng yaxshi erkak roli”, turkiy tillar fakulteti talabasi Azada Uzaqbergenova “Eng yaxshi aktyorlik iste’dodi” nominatsiyalari g‘olibi deb topildi.
G‘olib va sovrindorlarga institut rektorati tomonidan diplom va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri