Inson salomatligiga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan 5,5 mingdan ortiq alkogol mahsulotlari yo‘q qilindi

239

Aholimizni inson sog‘ligiga zarar yetkazmaydigan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, bu orqali ularning sog‘ligini asrash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramasdan, afsuski, insonning kuchli zaharlanishiga, hattoki, o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘lbola ishlangan, hech bir standart talablariga javob bermaydigan spirtli ichimliklarni iste’molchilarga yetkazib berish va ularni aldab sotish holatlari  uchrab turibdi.

Xususan, Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlariga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan 5 654 dan ortiq alkogol mahsulotlarini yo‘q qilish belgilangan.

Ushbu sud qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida yo‘q qilinishi belgilangan alkogol mahsulotlari tegishli idoralar xodimlari ishtirokida yo‘q qilinib, sud qarorlari ijrosi amalda ta’minlandi.

Bundan tashqari, shu kunning o‘zida davlatimiz chegarasiga noqonuniy ravishda olib kirilgan, inson sog‘lig‘iga zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan 2 480 ta tamaki mahsulotlari va 288 ta qalbaki aksiz markalar ham yo‘q qilindi.

M.Qosimova, O‘zA