Ichimlik suvdan muammolar bo‘lmaydi

Orolbo‘yi aholisining salomatligini yaxshilash maqsadida toza ichimlik suviga bo‘lgan talabni qondirish, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Aholining ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash bo‘yicha 2024 yilning o‘zida respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami loyiha qiymati 173,1 milliard so‘m mablag‘ doirasida jami uzunligi 147,2 kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i, 24 dona suv inshootida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada hududlarda yashovchi 41,9 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. 10,2 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus va Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2018 yil 28 dekabrda qiymati 145,0 million AQSH dollari miqdorida qarz bitimi imzolandi.
Bugungi kunda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi ushbu loyiha doirasida Amudaryo tumanida quvvati sutkasiga 40 ming m3 bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshooti qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Shartnoma qiymati 12,99 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu inshoot qurilishi Xorazm viloyatidagi “Obi hayot injiniring” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Daryodan olingan suv inshootda suv tindirish, filtrlash va zararsizlantirish bosqichlaridan o‘tkazilib, iste’molchilarga yetkazib beriladi. Buning uchun har biri 3 ming kub sig‘imlikda ikkita yopiq rezervuar, suvning sifatini tekshiruvchi laboratoriya, suv tindirilib tozalanadigan hovuzlar, xlorlash stansiyasi, ta’mirlash ustaxonasi, garaj va kirish nazorat punkti qurilishi yakunlanish arafasida turibdi.
Suv tozalash inshooti qurilish ishlariga har kuni 80 nafarga yaqin quruvchi hamda 30 taga yaqin turli rusumdagi texnikalar qatnashmoqda. Quruvchilarning samarali mehnat qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ular maxsus kiyim-kechak ham issiq ovqat bilan ta’minlangan. Bu yerdagi laboratoriyalar va suvni yetkazib beruvchi inshootlar Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Ularning barchasi avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi.
Shuningdek, ushbu loyiha doirasida Amudaryo tumani aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 15 ta ovul va mahallalarda 3 ta ichimlik suv taqsimlash inshooti, 354 kilometr suv tarmog‘i, 6 ta suv rezervuarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda
11 ming 991 ta suv hisoblagich o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Shartnoma qiymati 29,04 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu loyiha “Archico” mas’uliyati cheklangan jamiyati (Ozarbayjon) quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar tumanda 90,1 kilometr magistral suv tarmog‘i tortilgan.
Ta’kidlash joizki loyiha doirasida tuman bo‘yicha 56 ming nafardan ziyod aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 22 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA