CIPCC dasturi 90 mamlakat jurnalistlarini birlashtirdi
Pekinda Xitoy Xalqaro matbuot markazi (CIPCC) tomonidan tashkil etilgan 2025 yilgi ta’lim loyihasida ishtirok etish uchun 90 dan ziyod davlatdan ommaviy axborot vositalari vakillari yig‘ildi.
Bu dastur ishtirokchilar uchun mamlakatning boshqaruv tizimi, an’analari va iqtisodiy voqeligini o‘rganish, shuningdek ichki va tashqi siyosatni belgilaydigan asosiy tadbirlarda ishtirok etish imkonini beradi.

Anjumanning birinchi kunida markaz rahbari xorijiy jurnalistlarga Xitoy jamiyati, davlatning siyosiy tuzilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonini chuqurroq tushunishga yordam beradigan to‘rt oylik dastur haqida so‘zlab berdi.

Mazkur an’anaviy tashabbus doirasida butun dunyodan kelgan hamkasblarimiz Chin diyorining turli sohalardagi ilg‘or yutuqlari bilan tanishadi, ekspertlar, turli soha mutaxassislari bilan uchrashadi.

CIPCC yosh jurnalistlarga o‘z bilimini kengaytirish, kasbiy malakasini oshirish, shuningdek xalqaro media hamjamiyatidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.
Seminarda Markaziy Osiyo vakillari, jumladan O‘zA xodimi ham ishtirok etmoqda.
Nozimbek Mardonov, O‘zA
Xitoy, Pekin shahri