O‘zbekiston bugungi kunda ISOning 17 ta texnik qo‘mitasiga to‘laqonli a’zo

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar O‘zbekiston standartlar instituti oldiga ham muhim vazifalarni qo‘yadi.
–Institutimiz tomonidan amalga oshirilgan amaliy ishlardan biri, bu joriy davrda Texnik qo‘mitalar faoliyatining sezilarli darajada o‘sganidir, — deydi O‘zbekiston standartlar instituti direktori Doniyor Qodirov. – Jumladan, O‘zbekiston standartlar institutida faoliyat yuritayotgan Texnik qo‘mitalar 25 tadan 32 taga yetkazildi. IEC – 36 tadan 159 taga yetkazildi. MGS – 99 tadan – 103 taga yetkazildi. Bugungi kunda O‘zbekiston 21 ta Texnik qo‘mitada ishtirokchi va 138 ta Texnik qo‘mitada kuzatuvchi sifatida qatnashadi. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti hisoblangan — ISOda 25 ming 655 ta standart mavjud. Unga 172 ta mamlakat a’zo hisoblanadi hamda uning 844 ta Texnik qo‘mitalari mavjud. O‘zbekiston bugungi kunda ISOning 17 ta texnik qo‘mitasiga to‘laqonli a’zo va 129 tasida ISO TK kuzatuvchi a’zo hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari 2024 yil 10 oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlarining 20 ming nafar mutaxassisini texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash borasidagi bilim, malakalarini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
– Ushbu topshiriqqa muvofiq qisqa muddat ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda Andijon, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida o‘quv-seminarlari tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston standartlar instituti direktori o‘rinbosari Alisher Samijonov. – Tadbirkorlik sub’ektlarining jami 3116 nafar mutaxassisi malakasi oshirildi. Qisqa muddatli malaka oshirish kursida muvaffaqiyatli qatnashgan, tegishli bilimlarga ega bo‘lgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassislar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan besh foizli chegirmaga ega bo‘lish imtiyozi belgilangan. Ushbu o‘quv kurslari yil oxirigacha respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Umuman olganda, standartlashtirish tizimini takomillashtirish yo‘nalishida boshlangan va amalga oshirilayotgan xatti-harakatlar O‘zbekistonga jahon mahsulot va xizmatlar bozori bilan faol hamkorlik qilish va iqtisodiyotni samarali rivojlantirish imkonini beradi.
Eng asosiysi esa, sohada ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf qilish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, sanoatni zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish va iste’mol jarayonlari xavfsizligini ta’minlash, mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga imkoniyat yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA