Bo‘sh ish o‘rinlari uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Prezidentimiz tomonidan shu yilning 14 fevral kungi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilib, uning asosiy maqsadi bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularga kasbiy yo‘nalish berish va ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratishdan iboratdir.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirishda mazkur qaror muhim ahamiyat kasb etadi.

Yarmarkada davlat tashkilotlari, yirik korxonalar va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, ish faoliyati hamda o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi. Talabalar va bitiruvchilar bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.
Ushbu tadbir bitiruvchilarning kelajakdagi kasbiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, oliy o‘quv yurti va ish beruvchilar o‘rtasida mustahkam hamkorlikni o‘rnatishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri