Qaysi hollarda haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi

Huquqiy munosabat
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga jarima ballari hisoblanadi. Agar bu ballar 12 dan oshsa, haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagi huquqiy tushunchalarni berdi:
–Quyidagi holatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi, jumladan, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun, transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun hamda transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun ham javobgarlik belgilanadi.
Shuningdek, yo‘l bezoriligi uchun va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto hamda (yoki) video tasvirini ularning obro‘sizlanishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun ham javobgarlik belgilanadi.
Shu bilan birga, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgani uchun ma’muriy jazo qo‘llaniladi.
Bunda belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun transport vositasi haydovchisiga mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga, jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan boshlab bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach transport vositasi haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan holatlarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qo‘shimcha jazo sifatida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA