Xayriya mablag‘larini yig‘ish qonuniy tartibga solinadi

Qonun loyihasiga sharh
Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda xayriya uchun bank plastik kartalariga yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirish yoki ehson qutilaridagi pullarni o‘marish kabi holatlar ro‘y bergani haqida eshitib qolamiz. Lekin amaldagi qonunchiligimizda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi, bu sohadagi sub’ektlar faoliyatining ochiqligi, ularga ajratilgan mablag‘larning sarflanishi haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyati yaratilmagan. Homiylik to‘g‘risidagi tartib-qoidalarni buzganlik uchun ham javobgarlik belgilanmagan.
Bu esa fuqarolarning asosli e’tirozlariga, homiylik faoliyati bilan qonuniy va vijdonan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga bo‘lgan ishonchning susayishi hamda ayrim shaxslarning homiylik mablag‘larini o‘zlashtirishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi hamda palata rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Mazkur qonun loyihasi haqida deputat Ruslan Sobirov batafsil so‘zlab berdi:
– Ehtiyojmand aholi qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida nafaqat davlat organlari, balki fuqarolarimiz ham xayriya, ehson va saxovat ishlarida tashabbuskor ko‘rsatmoqda. Ushbu qonun loyihasi homiylik faoliyati sub’ektlariga nisbatan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish, homiylik tashkilotlarining faoliyati ochiqligini va fuqarolarning ularga nisbatan ishonchini oshirish hamda homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun pul mablag‘larini yig‘ishni qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi.
Loyihada homiylikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlari, homiylik xayriyalarini yig‘ish, xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartiblari, shuningdek, homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish va bu jarayonning ochiqligini ta’minlash shartlari belgilanmoqda.
Homiylik tashkilotlari tomonidan naqd, naqd pulsiz va mol-mulk ko‘rinishida homiylikni qabul qilish tartibi belgilanmoqda. Shuningdek, loyihaga ko‘ra, endi jismoniy shaxslar o‘zi yoki yaqin qarindoshi uchun xayriya yig‘ishi mumkin. Ya’ni, pul boradigan hisob raqam yoki bank kartasi xayriya qabul qilayotgan odamning o‘ziga yoki yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, xayriya qutisidagi mablag‘lar u ochilgan kunda yoki keyingi ish kuni ichida tegishli bank hisobraqamiga kirim qilinadi.
Qonun loyihasida xayriyalarni yig‘ish va xayriya qutilarini o‘rnatish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olish, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash hamda ularga nisbatan fuqarolarning ishonchi ortishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA