“Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini takomillashtirish borasidagi tajribalar o‘rganildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan To‘rtko‘l tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida ommaviy axborot vositalari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari “Barkamol avlod” bolalar maktabida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishdi. To‘rtko‘l tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida bugungi kunda 90 ta to‘garak, shundan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 61 tarmoq to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, ularga jami 3 ming 295 nafar o‘quvchi jalb etilgan. O‘quvchilar qamrovini yanada oshirish, ayniqsa, chekka qishloqlardagi maktablarda maktabning tarmoq to‘garaklarini ochish va u yerdagi o‘quvchi-yoshlarning qiziqishlariga qarab to‘garaklar tashkil etish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.
Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini oshirish va ta’limga qo‘yilgan davlat talablarining bajarilishi bo‘yicha amaliy o‘quv-seminari ham o‘tkazildi. Mazkur seminarda barcha shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktablari rahbarlari, uslubchilar va to‘garak rahbarlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur seminarni o‘tkazishdan maqsad, maktabdan tashqari ta’lim sohasini yuqori bosqichga olib chiqish, to‘garaklarda o‘quvchilar qamrovini oshirish, madaniy-ommaviy tadbirlarni samarali tarzda o‘tkazish, ta’lim sohasini turli innovatsion metodlardan foydalangan holda tashkil etish bo‘yicha amaliy-metodik yordamlar ko‘rsatishdir.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori D.Kazakova va boshqalar so‘zga chiqib, maktabdan tashqari ta’lim ishlarini yanada takomillashtirish va ularda zamonaviy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, maktablarning 2024-2025 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar, maktablarning moddiy-texnik bazasi, to‘garaklarning xomashyo mahsulotlari bilan ta’minlanish holati qayd etildi. Shundan so‘ng joriy o‘quv yilida tashkil etilgan zamonaviy to‘garaklar va ularning faoliyati bo‘yicha To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot, Beruniy tumanlari va respublika “Barkamol avlod” bolalar maktablari tajribalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar maktablarida o‘quv metodik ishlarining olib borilishi bo‘yicha belgilangan hujjatlarning yuritilishi, to‘garak rahbarlariga metodik yordam ko‘rsatish, to‘garaklarga qo‘yiladigan davlat talablari, har bir yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklarning ish rejalari, o‘quv dasturlari va ularning bajarilishi ko‘rib chiqildi. To‘garaklarga o‘quvchilarni qamrab olish darajasini yanada oshirish maqsadida ta’lim muassasalarida, mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borish, mahallalarda va maktablarda tashkil etilgan tarmoq to‘garaklari faoliyatini takomillashtirish va ularga metodik yordam ko‘rsatish masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur bolalar maktabi to‘garak a’zolari respublika va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2024 yil aprel oyida Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi tomonidan bolalar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan III xalqaro “Gavalodosh” onlayn festival-tanlovida “Yosh doirachilar” to‘garagi a’zolari 1-darajali diplom bilan taqdirlandi. Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Baykonur kubogi-2024” ochiq xalqaro raketa-model musobaqasida maktabning “Raketa-model” to‘garagi, 2024 yil avgust oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Ajdodlar merosi” ko‘rik-tanlovida Charosxon Komiljonova kulolchilik yo‘nalishida, 2024 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan o‘tkazilgan “Barkamol avlod bolalari” festivalida Mashhura Rahimberdiyeva “Liboslar dizayni” yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.
Tadbir doirasida 2025 yilda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “STEAM-ta’lim dasturi” bo‘yicha eksperiment sifatida maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablarining bajarilishi yuzasidan o‘tkaziladigan navbatdagi seminar-trening rejasi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar “Barkamol avlod” bolalar maktabida olib borilayotgan ishlar, to‘garak mashg‘ulotlari jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
O‘quv-seminari sektorlarga bo‘lingan holda davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA