O‘zbekiston va Buyuk Britaniya terma jamoalari poytaxtimizda qo‘shma yig‘in o‘tkazmoqda (+video)

195

Taekvondo WT bo‘yicha yaqindagina xalqaro turnirdan qaytgan O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkib vakillari ayni kunlarda poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida Buyuk Britaniya terma jamoasi bilan hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Xalqaro yig‘indan ko‘zlangan maqsad o‘zaro tajriba almashish, yakkakurash ustalarining mahoratini oshirish va xato-kamchiliklar ustida ishlashdan iborat. Ilk bor ushbu mamlakat vakillari ishtirokida o‘tayotgan mashg‘ulotlar kuniga ikki mahal, 3 soat davom etmoqda. Mazkur yig‘in 8 mart kuniga qadar davom etadi.

Yig‘in doirasida o‘zaro sparring janglari o‘tkazildi. Unda taekvondochilar o‘z imkoniyat darajasini chamalab oldi.

Darvoqe, mazkur yig‘inda O‘zbekiston terma jamoasi safida turli viloyatlardan kelgan taekvondochilar ham qatnashmoqda. Buyuk Britaniya terma jamoasi tarkibidan esa jahon reytingida o‘z o‘rniga ega 20 ga yaqin sportchi o‘rin olgan.

Ma’lumot o‘rnida: taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining keyingi yig‘ini aprel oyida tashkil etiladi. Mazkur yig‘inda Xitoy, Tunis, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Gruziya kabi mamlakatlar termalari ishtirok etadi. Bu yig‘in taekvondochilarimiz uchun Xitoyda o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

Javohir Toshxo‘jayev,

Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA