Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish borasida hududlarda sayyor uchrashuvlar davom etmoqda

Ayni paytda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari tomonidan hududlarda ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, tadbirkorlarga amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan sayyor uchrashuvlar davom etmoqda. Navbatdagi targ‘ibot tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazildi.
4 ta korxonada o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida asosiy e’tibor sohaga oid yangi qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ishlab chiqarishda texnik va texnologik normalarga rioya etish yuzasidan tushunchalar berish hamda mavjud muammolar yechimiga qaratildi.

Mazkur tadbirlarda tadbirkorlik sub’ektlariga alkogol va tamaki bozorini tartibga solishda xufiyona iqtisodiyotning oldini olish choralari, qonuniy faoliyatning ijobiy imtiyozlari, litsenziya talablari, yangi axborot tizimi orqali integratsiya jarayonlarining ijobiy ahamiyati haqida tushuntirildi.

Inspeksiya xodimlari tomonidan korxonalarda mavjud zarur asbob-uskunalar, priborlar, kimyoviy reaktivlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan jihozlanganlik holati, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan barcha zarur fizik-kimyoviy, mikrobiologik va boshqa ko‘rsatkichlarni tahlil qilish imkonini beruvchi ishlab chiqarish laboratoriyalari mavjudligi o‘rganildi.
Hududlarda mavjud korxonalarda belgilangan tartib asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi to‘g‘risida axborot beruvchi elektron hisoblagichlarni muhrlash ishlari ham olib borildi.
O‘zA