IT-autsorsing ekotizimini yaratish bo‘yicha yangi imkoniyatlar taqdimot qilindi

Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan “Offshore Outsourcing Conference” xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekistondan IT-xizmatlarni eksport qilish va barqaror global IT-autsorsing ekotizimini yaratish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi. Konferensiya 250 ta kompaniyadan 280 dan ortiq mehmonlar, jumladan, xalqaro va mahalliy IT-korporatsiyalar vakillari va soha ekspertlarini birlashtirdi.

Ishtirokchilar professional muloqot, tajriba almashish va yangi biznes hamkorlarni topish uchun imkoniyatga ega bo‘ldi.
Tadbirning asosiy jihatlaridan biri jahon IT-sanoatining yetakchi vakillari bilan aloqalar o‘rnatish, global bozorlarga chiqish uchun yangi hamkorlar va mijozlarni izlab topishdan iborat.

Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekistonda xalqaro biznes uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
—Prezidentimiz tomonidan 2017 yilda O‘zbekistonni IT-xabga aylantirish bo‘yicha uzoqni ko‘zlab yuqori maqsad qo‘yilgan edi. O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi IT-kompaniyalar soni 10 tadan ham kam edi. Hozirgi kunga kelib esa har oyda 30 ga yaqin xorijiy IT-kompaniyalar yurtimizda o‘z faoliyatini boshlamoqda, – dedi vazir.
IT Park Uzbekistan’ning xalqaro hamkorlar uchun taqdim etadigan imkoniyatlari, shuningdek, sanoatni rivojlantirishda madaniyat va innovatsiyalarning o‘rni muhokama mavzuciga aylandi.
Tadbirda IT Park mutaxassislari hududlarda IT-infratuzilmani rivojlantirish, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va mamlakatning mehnat qonunchiligi haqida ma’lumotlar berishdi.
N.Rahmonova,
O‘zA