Shaxmat: Jahon chempionatining shiddatli bahslari davom etmoqda

214

Chernogoriyaning Petrovats shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatining 2-tur o‘yinlari ortda qoldi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etayotgan 6 nafar shaxmatchimizdan Muhiddin Madaminov qora donalarda ukrainalik Artem Dyachukni, Humoyun Bekmuratov oq donalarda bolgariyalik Ivan Peerani mag‘lub etdi. Hamyurtlarimizdan Muhammadzohid Suyarov va Oriyat Obidjonov raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlagan vaziyatda, Asrorjon Omonov va Miraziz Matyoqubov imkoniyatni boy berdi.

Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tgan 2-tur o‘yinlarida shaxmatchi qizlarimizdan Umida Omonova oq donalarda chexiyalik Lada Zelbovadan, Barchinoy Shokirjonova qora donalarda italiyalik Enrika Zitodan ustun keldi. Afro‘za Hamdamova – Guldona Karimova “dueli”da durang natija qayd etildi. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva oq donalarda jahon chempionatida uchinchi raqamda tasniflangan xitoylik Son Yuysinga yutqazib qo‘ydi.

Bugun, 27 fevral kuni jahon chempionatining 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur turda hamyurtlarimizdan Humoyun Bekmuratov norvegiyalik Elxam Amar bilan, Muhiddin Madaminov armanistonlik Benik Agasarov bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, 3-tur o‘yinlari ostonasida 19 nafar shaxmatchi 2 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, shaxmatchi yigitlarimizdan Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Bekmuratov va Muhiddin Madaminov hisobida 1,5 ochko mavjud.

Shaxmatchi qizlar bahsida 15 nafar ishtirokchi 2 ochkoga ega. Ular orasida hamyurtimiz Umida Omonova ham borligi e’tiborli. Afruza Hamdamova va Guldona Karimova esa 1,5 ochko bilan 21-22-pog‘onalarda bormoqda.

11 turdan iborat jahon chempionati musobaqalari 8 martga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA