Fernanda Errera Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldi

218

Kuvayt davlatida qilichbozlik bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan yakkalik bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Fernanda Errera oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, o‘g‘il bolalar bellashuvida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Musa Aymuratov finalda xitoylik Vun Tez Vongni 15:8 hisobida yengdi hamda Osiyoda tengsiz ekanini isbotladi. Ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan yana bir vakilimiz Islombek Abdazov bronza medali bilan taqdirlandi.

O‘smirlar o‘rtasida qilichbozlikning uch turi bo‘yicha jamoaviy musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Sablya yo‘nalishi bo‘yicha Karina Qurbonova, Nargiza Utebayeva, Sevara G‘aniyeva va Oygul Shamuratovadan iborat O‘zbekiston qizlar terma jamoasi 12 ta terma jamoa orasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot o‘rnida: Osiyo birinchiligining kadetlar yosh toifasida tashkil etilgan sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarida 16 ta terma jamoa orasida O‘zbekiston o‘g‘il bolalar terma jamoasi kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA