Muhammad Mahmudov: O‘zbekiston – innovatsiyalar markazi

So‘nggi yillarda raqamli transformatsiya jarayoni yuqori sur’at olgan. Sohada muvaffaqiyatga erishish ko‘p jihatdan kompaniyalar va mamlakatlar yangi texnologiyalarni qanchalik tez joriy etishiga bog‘liq. O‘zA muxbiri yurtimizda IT sohasi rivoji, startaplar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarda dunyodagi eng yirik innovatsion platformalardan biri hisoblangan “Plug and Play” kompaniyasining o‘rni xususida ushbu korxonaning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Muhammad Mahmudov bilan suhbatlashdi.
– Muhammad aka, dastlab “Plug and Play” kompaniyasining vazifasi va innovatsiyani rivojlantirishdagi o‘rni haqida gapirib bersangiz.
– Kompaniyamiz zimmasidagi asosiy vazifa mahalliy startaplarning darajasi va sifatini oshirib, xalqaro bozorga chiqishiga ko‘maklashish. Hozir muayyan tashabbuslar ilgari surish orqali ekotizimni xalqaro standart bilan muvofiqlashtirishga harakat qilyapmiz. Birinchidan, akseleratsion dasturlarimiz xalqaro talab darajasida startap tayyorlash imkonini beradi. Turli davlatlardan taklif etilgan ekspertlar tajriba va bilimi bilan bo‘lishadi. Ikkinchidan, butun dunyo bo‘ylab venchur jamg‘armalari bilan aloqa o‘rnatishda startaplarga yordam beramiz. Jamoamiz taqdimotlar tayyorlashga ko‘maklashadi, marketing strategiyasini o‘rgatadi. Qisqasi, sa’y-harakatimiz o‘zbek bozorini rivojlantirish, mutaxassislarimizni xalqaro maydonda muvaffaqiyatga erishish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
– Shu paytgacha O‘zbekistonda qanday muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirildi?
– 2022 yil oxirida Raqamli texnologiyalar vazirligi, “IT-Park” va “Aloqa Bank” ko‘magida kompaniya filiali ochilgach, ilk akseleratsion dasturni ishga tushirdik. Bu jarayonda turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi starpatlar saralab olindi. Shundan so‘ng ushbu loyihalar darajasini xalqaro sarmoyadorlar talabiga mos ravishda oshirish maqsadida tajribali ekpertlarni jalb qildik. Trekerlar – har hafta startap bilan ishlab, turli vazifalarni hal qilish, yuzaga keladigan to‘siqlarni bartaraf etishga ko‘maklashadigan mutaxassislar tayinlandi. Bugungi kunga qadar amalga oshirilgan to‘rtta akseleratsion dasturdan uchtasi vazirlik va “IT-Park” tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ta’sischi ayollarga qaratilgan, USAID granti hisobidan moliyalashtirilgan to‘rtinchi dastur doirasida ishtirokchilar korxonaning Kaliforniyadagi Silikon vodiysida joylashgan bosh ofisiga olib borildi. Hozirgacha tayyorlangan 60 dan ziyod startap uchun million dollardan ziyod sarmoya jalb qilindi. Bu yutuqlar faoliyatimiz samaradorligidan darak berib, O‘zbekiston startaplariga ko‘rsatilayotgan ko‘mak naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
– 2025 yil “Plug and Play” mintaqada ilgari suradigan asosiy tashabbuslarga to‘xtalsangiz.
– Joriy yil yana uchta yangi dasturni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bu gal nafaqat investitsiya jalb qilish, balki korporativ innovatsiyani joriy qilishga ham e’tibor qaratiladi. Akselerator ehtimoliy muammolarga duch kelayotgan, zamonaviy yechimlar talab etadigan startaplar hamda korporativ sheriklar o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Bu startaplarga ishlanmalar taklif qilish imkoni bor. May oyida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy texnologiyalar ko‘rgazmasiga startap-ekotizimining barcha ishtirokchilari taklif etilgan. Netvorking uchun ajoyib imkoniyat sanalgan tadbirda startap egalari yangi sheriklar bilan tanishadi. Iyun oyida kompaniya Yevropadagi uchrashuvlar uchun kompaniyalar va tijorat banklarini yig‘ib, FinTech sohasida innovatsiya missiyani tashkil etadi. Ishtirokchilar davra suhbatlari orqali asosiy hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish imkoniga ega bo‘ladi. Shu oy o‘rtalarida bosh idoramizda eng muhim tadbirlardan biri – “Silicon Valley Summit” o‘tkaziladi. Yangi imkoniyatlar topish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish maqsadida tadbirga O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan sheriklar taklif etiladi.
– Ta’lim dasturlari orqali talabalar va startap egalariga qanday imkoniyatlar taqdim etiladi? Bu borada qo‘llab-quvvatlangan startaplarni sanab o‘ta olasizmi?
– Darhaqiqat, ta’lim dasturlari yoshlar uchun ajoyib imkoniyatlar eshigini ochadi. Talabalar netvorking bo‘yicha bilimini oshirishi, startap va tadbirkorlik bo‘yicha tajribaga ega xalqaro ekspertlar va mentorlar bilan muloqot qilishi mumkin. Avval Saudiya Arabistoni, shuningdek Yevropa va Afrikadan mutaxassislar jalb qilingan. Endi Amerika va Yaqin Sharqdan mehmonlar kelishi kutilyapti. Dastur mentorlarining aksariyati startaplar asoschilari sifatida keng miqyosda aloqalarga ega. Masalan, mentorlardan biri o‘zbek platformasini yangi bozorga ko‘chirish uchun sho‘’ba korxonasi tashkil etish orqali ikki startapni Saudiyaga ko‘chirish taklifini kiritdi. Bu ayni tarmoq va tajribadan foydalanish nechog‘li muhimligini ko‘rsatadi. Qayd etish kerak, aksar startaplar mahsulot sifatini yaxshilashga e’tibor qaratadi. Mentor odatda mahsulot ko‘rinishi iste’molchining haqiqiy ehtiyojidan sezilarli farq qilishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shu bois, bozorga moslashish uchun mahsulotni sinovdan o‘tkazish juda muhim.
– Nima sababdan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarga alohida e’tibor qaratiladi?
– Dasturlarimiz doirasida akseleratsiya uchun tanlashda asosiy e’tibor ta’sischining jinsiga emas, balki startapning salohiyatiga qaratiladi. Masalan, ta’sischi ayollar uchun ishga tushirilgan maxsus loyiha asosida butun Markaziy Osiyodan eng istiqbolli startaplar tanlab olinib, dastur so‘nggida BMT Taraqqiyot dasturi va GIZ Xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘magida Silikon vodiysiga tashrif uyushtirildi. Ishtirokchilar innovatsiya markazida startapning ishlashini ko‘rish, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi. O‘z tajribamdan kelib chiqib ta’kidlashni istardimki, muvaffaqiyatli startap mijoz ehtiyoji asosida yaratiladi. Yechim taklif etilishidan oldin bozor puxta o‘rganiladi. Mavjud g‘oyani takomillashtirishga qaratilgan startap esa yuqori natijaga erishishi qiyin. Tadbirkor bozordagi og‘riqli nuqtani aniqlab, haqiqatan iste’molchi uchun zarur yechim ishlab chiqishi zarur. Ayollar noyob yechimlar taklif eta olganliklari bois, bu jarayonda ularning o‘rni muhim. Bu ayniqsa, kosmetologiya va xotin-qizlar nuqtai nazari hal qiluvchi omil hisoblangan sohalarga taalluqli. Startap yaratuvchi tadbirkor ayollar bozordagi muayyan segment ehtiyojini aniq qondirib, loyihani hozirgi tendensiya va talabga muvofiq rivojlantira oladi.
– Platforma 2006 yil ishga tushirilgandan buyon turli mamlakatlardagi 35 startapni yunikor kompaniyaga aylantirishda yordam berdi. “Plug and Play” kompaniyasi o‘zbek startaplarining jahor bozoriga chiqishi va investitsiya jalb qilishiga qay darajada ko‘maklashmoqda?
– Biz O‘zbekistondagi uch startapga sarmoya kiritdik. Bu borada istiqbolli loyihalarni izlash davom etyapti. Jamoamizda har kuni mamlakatimiz va xorijdagi startapchilar, venchur jamg‘armalari bilan muloqot qilib, moliya manbalarini topish va rivojlanishga ko‘maklashadigan mutaxassislar ishlaydi. O‘zbek startaplarini “Plug and Play” xalqaro ekotizimiga birlashtiramiz. Idoramiz butun dunyodagi, jumladan AQSH, Osiyo va
Yaqin Sharqdagi 180 dan ziyod venchur fond bilan hamkorlik qiladi. Har hafta gibrid formatda (onlayn va offlayn tarzda) IT-sanoatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha pitch-sessiyalar bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanlarda startaplar o‘z g‘oyasini taqdim etib, xalqaro sarmoyadorlarni jalb qilishi mumkin. Biz o‘zbek startapchilarining chet el bozoriga chiqishi va global venchur jamg‘armalardan sarmoya chaqirishiga shu tariqa ko‘maklashamiz.
– 40 000 dan ziyod startap, 500 dan ortiq jahondagi yetakchi korporatsiya va universitet, davlat muassasasi, venchur fondini birlashtirgan mazkur innovatsion platforma tajribasiga asoslanib, O‘zbekistonning Yevropa uchun IT-autsorsing markazi sifatidagi salohiyatini qanday baholaysiz? Bu borada mamlakatimiz qanday afzalliklarga ega?
– Ishonchim komilki, bu borada O‘zbekiston boy salohiyatga ega. Yuksak bilimli yoshlar va intiluvchan aholi – muhim afzallik omili. So‘nggi yillarda chet tillari, ayniqsa ingliz tilini o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu xalqaro bozorda o‘zbek mutaxassislari raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim jihat. Mamlakatimizga kelayotgan xorijlik ekspertlar yoshlarimizning yuqori darajadagi tayyorgarligi, texnik ko‘nikmaga egaligi, intiluvchanligini qayd etmoqda. Ko‘p davlatlardan farqli o‘laroq, bizda innovatsiya uchun harakat va intilish bor. Eng muhimi, rivojlanib borayotgan IT-infratuzilma, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish va texnologik ekotizim faol rivojlanishi xalqaro kompaniyalar va sarmoyadorlarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Bu omillar O‘zbekistonning jahon IT-autsorsing bozorida munosib o‘rin egallashiga zamin yaratmoqda.
– O‘zbekiston Markaziy Osiyoning to‘laqonli texnologik xabiga aylanishi uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Buning uchun qator startegik qadamlar zarur. Birinchidan, me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish zarur. Xususan, muqobil investitsiyani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini ishlab chiqish va joriy qilish talab etiladi. Bu nafaqat venchur fondlari va startaplarni, balki keng doiradagi moliya vositalarini ham qamrab oladi. Qog‘ozbozlikka asoslangan to‘siqlarni bartaraf etish sarmoya jalb qilish jarayonini soddalashtiradi, texnologik sektor rivojlanishni tezlashtiradi. Ikkinchidan, bo‘lajak tadbirkorlar va mutaxassislar tayyorlanadigan universitetlar va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish kerak. Bu jarayonda iste’dodlarni rivojlantirish va ularni muvaffaqiyatli startap yaratish uchun tayyorlashga qaratilgan inkubatsion dasturlar muhim. Kompaniyamiz butun dunyodagi universitetlar bilan faol ishlaydi. Bu boradagi faoliyatni yanada kengaytirish, yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari bilan ham faol ishlash niyatidamiz. Toshkentda xalqaro moliya markazini tashkil etish bu boradagi muhim qadlamlardan biridir. Ostonadagi xuddi shunday markaz xorijiy sarmoyadorlar uchun muhim platformaga aylanib, o‘z samaradorligini ko‘rsatdi. Endi o‘zbek moliya markazi munosib raqobatga kirishish uchun yanada qulay shart-sharoit va afzallik taklif qilishi kerak. Bu xorijiy investorlarni jalb qilish, mamlakatimizning mintaqadagi texnologik xab sifatidagi mavqeini mustahamlash imkonini beradi.
Xullas, tashabbuslarni oqilona uyg‘unlashtirish, qonunchilik islohoti va startap ekotizimini rivojlantirish, kuchli moliyaviy infratuzilma yaratish O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda texnologiya va innovatsiya sohasidagi yetakchiga aylantirishi shubhasiz.
Aziza Alimova suhbatlashdi.
Doniyor Yokubov (surat), O‘zA