Pokiston nashrlari O‘zbekiston haqida

Shu kunlarda Pokistonning yetakchi nashrlari yurtimiz bilan bog‘liq mavzularga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, “Independent News Pakistan – INP” nashri e’lon qilgan “O‘zbekiston – Pokiston ikki tomonlama munosabatlari: tashqi siyosatga nazar” nomli maqolada ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik va iqtisodiy aloqalar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, yanada mustahkamlanayotgani ta’kidlangan. Bosh vazir Shahboz Sharifning yurtimizga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlik va mintaqaviy taraqqiyotning yangi davrini ochib berishi, xalqlarimizni yanada jipslashtirishi, qo‘shma tashabbuslar hayotga tatbiq etilishini jadallashtirishiga urg‘u berilgan.
– O‘zbekiston va Pokiston yetakchilarining sa’y-harakati tufayli so‘nggi yillarda o‘zaro munosabat strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarildi, – deyilgan maqolada. – Islomobod va Toshkent iqtisodiy faollikni oshirish, qo‘shma transport va tranzit loyihalarini ilgari surish, tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarni tiklash orqali transmintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashga har tomonlama tayyor.
Qayd etish joiz, Pokiston ommaviy axborot vositalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat tobora mustahkamlanib, o‘zaro jozibadorlik oshayotganini alohida ta’kidlamoqda. Masalan, “The Nation” nashri rasmiy tashrif doirasida aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim shartnomalar imzolangani haqida yozdi.

– Kelishuvlar turli sohalar, jumladan Toshkent va Lahor o‘rtasida birodarlik memorandumi, axborot agentliklari hamkorligi, yoshlar bilan ishlash, fan, texnologiya va innovatsiya sohasidagi umumiy sa’y-harakatlarni qamrab oldi, – deb yozadi muallif. – Bundan tashqari, diplomatik pasport egalari uchun vizasiz sayohat, harbiy sohada ma’lumot almashish, ichki ishlar tizimida hamkorlik, kasbiy va texnik tayyorgarlik, diplomatlar tayyorlash dasturlari bo‘yicha kelishuvlar rasmiylashtirildi.
“Daily Ittehad” gazetasi esa O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar va ikki tomonlama munosabatlarga bag‘ishlab maxsus son chop etdi.

Xususan, jurnalist Muhammad Abbos Xonning “Pokiston va O‘zbekiston tinchlik va taraqqiyot yo‘lida” nomli urdu tilida yozilgan maqolasida strategik hamkorlik izchil rivojlanishi nafaqat ikki davlat, balki qo‘shni mintaqalardagi taraqqiyot va umumiy farovonlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlagan:
– Oliy darajali tashrif chog‘idagi ochiq va do‘stona siyosiy muloqot umumiy iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish maqsadida qulay savdo yo‘laklaridan foydalanish, yangi mintaqaviy bog‘liqlik tashabbuslarini kelishish, avtomobil va temir yo‘l transporti infratuzilmasini rivojlantirish, milliy iqtisodiyotlar uchun o‘zaro va boshqa davlatlar yangi bozorlariga chiqish uchun sharoit yaratish, mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlaydigan samarali mexanizmlar ishlab chiqish uchun poydevor bo‘lishi kutilmoqda.
Bugun oliy darajadagi muzokaralar doirasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bilan hamkorlik bitimi imzolagan hamkorimiz – “Associated Press of Pakistan – APP” axborot agentligi sahifasida “Pokiston va O‘zbekiston mintaqaviy aloqalar va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantiradi” nomli material chop etildi.

Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy delegatsiyalar ishtirokida o‘tkazgan muzokarada strategik sheriklik munosabatini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgani bayon qilingan.
– Ikki davlat rahbarlari to‘rt yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini 2 milliard dollarga yetkazish, Tranzit savdosi bo‘yicha bitim va Imtiyozli savdo bitimi samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ikki mamlakat maxsus iqtisodiy zonalariga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, ishbilarmon doiralar hamkorligini rivojlantirishga kelishib oldilar, – deya ta’kidlaydi muallif.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mustahkam zaminga ega O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari barcha yo‘nalishlarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ko‘pgina sohalarda salmoqli yutuqlarga erishilgan va shu bilan birga har ikki tomon o‘zaro manfaatli sheriklikni jadallashtirish uchun mavjud ulkan salohiyatdan unumli foydalanishga tayyor.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA