Nasoslar samaradorligini oshirishda xalqaro hamkorlik

Suv xo‘jaligi vazirligida Suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tarmoq ishchi guruhi a’zolari, suvga daxldor vazirlik va idoralar, Shveysariya elchixonasi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Uning ochilishida so‘zga chiqqan tarmoq ishchi guruhi hamraisi, Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Butunbayev O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu borada sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hisobidan suv yo‘qotishlarini kamaytirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish orqali xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, shuningdek, suv resurslaridan foydalanishda shaffoflikni oshirish uchun raqamli texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

— Mazkur yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan suvni isrof qilmaslik, undan oqilona foydalanish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni amalga tatbiq etishga ko‘maklashish, shu bo‘yicha ekspertlar bilan muloqot o‘tkazishdir. Xususan, suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, nasoslar samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni ham muhokama qilayapmiz, – dedi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi rahbari o‘rinbosari Andrin Fink.

Shuningdek, tadbir davomida aholini ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan sifatli ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqiladigan loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Energiya samaradorligi, davlat-xususiy sheriklik, tariflarni tartibga solish, oqava suv standartlari, suv sohasida ijtimoiy mas’uliyat, suv resurslarini boshqarishning gender jihatlari tahlil qilindi.
Tarmoq ishchi guruhi a’zolari O‘zbekistonda suv resurslari, suv ta’minoti va kanalizatsiya sektorini barqaror rivojlantirish bo‘yicha hukumat va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirgan holda ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA