“Vaqf” fondining xayriya tadbiri

187

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan muborak Ramazon oyi arafasida xayriya tadbiri tashkil etildi.

Nukus shahridagi “Bog‘chilik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Jungle Land” bolalar maydonchasida 60 nafar yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ko‘ngilochar tadbir tashkil etildi. Bolajonlar bu yerdagi Rossiyada ishlab chiqarilgan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy attraksionlarda dam olishdi. Shundan so‘ng, “Karvonsaroy” to‘yxonasida dasturxon yozilib, bolalarga turli sovg‘alar ulashildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy an’analar va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oila, mahalla va ta’lim muassasalari rolini oshirish, shuningdek, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Ayniqsa, “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kuchaytirildi.

– Muborak Ramazon oyida bunday xayriya tadbirlari ko‘plab tashkil etiladi, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari Islambek Tajetdinov. – Jumladan, yaqin kunlarda Saudiya Arabistonining ko‘mak va xayriya ishlari markazi tomonidan 461 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan, nogironligi bo‘lgan oilaga, shuningdek, Turkiyaning xayriya fondi tomonidan 700 ta ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari topshiriladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA