Siyosatdagi ayollar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda fraksiyasining “Ayolga ehtirom” haftaligi doirasida “Siyosatdagi ayollar: O‘zbekiston tajribasi va global tendensiyalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlaganidek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, boshqaruvda qarorlar qabul qilish jarayoniga ularni keng jalb etish, siyosatchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida partiya qoshida ikkita tuzilma – “Ayollar qanoti” hamda “Deputat ayollar klubi” tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida ushbu tuzilmalar tomonidan xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oilaga daxldor masalalarni hal etishning konstruktiv tizimini joriy etishga alohida urg‘u berildi. Xotin-qizlarga daxldor bo‘lgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarga takliflar berildi. Har bir deputat ayolga bir nafardan siyosiy faol yoshlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida jami 500 nafar talaba qizlar biriktirildi hamda ular partiya zaxirasiga kiritildi.

“Deputat ayollar klubi” a’zolari tomonidan o‘tkazilgan 16 mingdan ortiq sayyor qabullarga 164 ming 688 nafar aholi qamrab olindi. Aynan xotin-qizlarga taalluqli 69 yarim mingga yaqin murojaat bo‘ldi. Masalan, uy-joy masalalari bo‘yicha murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi.
“Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Xizmat – beminnat” loyihasi “Ayollar qanoti”ning asosiy loyihalaridan sanaladi. Deputat ayollar bilan hamkorlikda jami 1 ming 807 ta o‘quv kursi ochildi. Ularga jami 10 ming 468 nafar bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlar qamrab olinib, kasb-hunarga bepul o‘qitildi, 602 nafari o‘z tadbirkorligini boshladi.

“Deputat bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasidagi uchrashuvlar natijasida jami 2 ming 838 ta deputat so‘rovi chiqarilgan. “Uyma-uy” loyihasi doirasida 16 ming 24 ta ehtiyojmand oilalar homiylarni jalb etish orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlandi. 6 mingdan ortiq xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 1 ming 417 nafar ayollarga bank kreditlari olishda ko‘mak berildi. 1 ming 649 nafar xotin-qizlarga sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalarda yordam berildi.

Partiya Markaziy kengashining 2025 yil 23 yanvardagi I Plenumida partiya quyi tuzilmalari takliflarini inobatga olgan holda “Deputat ayollar klubi”ning tarkibi, maqsad-vazifalari kengaytirilib, “Siyosatchi ayollar klubi”ga o‘zgartirildi. Klub o‘z faoliyatida partiya Saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda to‘y va oilaviy marosimlarni tartibga solishga qaratilgan qonunni tashabbus qilish, talaba onalarning farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalari huzurida maxsus bolalar xonalari yoki bog‘chalar tashkil etish, farzand ko‘rgan ayollarga bola uch yoshga to‘lguniga qadar haq to‘lanadigan “Onalik ta’tili” berish tizimini joriy qilish, erta nikohning oldini olish kabi masalalarga e’tibor qaratadi.
Davra suhbatida klubning shu kabi faoliyat yo‘nalishlari muhokama qilinib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA