Dual ta’limning afzalliklari nimada? (+video)

220

Dual ta’lim nima? U standart o‘qitish tamoyillaridan qanday farq qiladi? Ushbu ta’lim jarayonining qanday ijobiy tomonlari bor va nega ko‘pchilik mamlakatlar uchun bu ta’lim namunali hisoblanadi?

Soha vakillarining ta’kidlashicha, Germaniya dual ta’lim tizimining asoschisi hisoblanadi. Germaniya kasb-hunar ta’limi rivojlangan murabbiylik instituti, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim va ushbu tizim hozirda Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda iqtisodiyotni rivojlantirishda juda katta o‘ringa ega.

Bugungi kunda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ayni kunlarda dual ta’lim tizimini joriy etish va uni takomillashtirish yuzasida hamkorlikda faoliyat yuritmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan press-tur tashkil etildi.

Qayd etilishicha, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 3-4 kurs talabalarining o‘qishi Savdo sanoat palatasi, O‘zto‘qimachiliksanoat, O‘zcharmsanoat va boshqa uyushmalar tarkibidagi 20 dan ortiq korxona bilan hamkorlikda “3+3” (3 kun institutda, 3 kun korxonada) shaklida tashkil etilgan. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, respublikada birinchilardan bo‘lib, tajriba-sinov tariqasida dual ta’lim shaklida o‘qitishni yo‘lga qo‘ydi.

“Kasb egasi” dual ta’lim tizimi asosida tahsil olayotgan jami 1 ming 251 nafar talabadan 251 nafari dual ta’lim asosida tahsil olish bilan bir vaqtda korxonada oylik maosh olib mehnat faoliyatlarini olib bormoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda texnik-muhandislikka ixtisoslashgan 30 dan oshiq oliygoh tomonidan ehtimoliy ish beruvchi hisoblangan jami 1 000 ga yaqin ishlab-chiqarish va sanoat korxonasi, qurilish, transport va loyiha-konstruktorlik tashkilotlari bilan bitim va shartnomalar asosida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Sanoat korxonalari bilan bir qancha hamkorlik shakllaridan (amaliyot, ixtisoslik kafedralarini tashkil etish, hamkorlikda ilg‘or muhandislik maktablari, texnoparklar faoliyatini yuritish, spin-off kompaniyalar, ilmiy laboratoriyalar tuzish, malaka oshirish kurslari) biri dual ta’lim bo‘lib, bunda ta’lim jarayonining ning nazariy qismi oliy ta’lim tashkilotida, amaliy qismi esa korxonada (ish joyida) o‘tkaziladi.

Press-turda ilk manzil “ZELAL TEKSTIL” MCHJ xorijiy korxonasi bo‘ldi. Institut korxona bilan 2022 yildan buyon talabalarni dual ta’lim asosida o‘qitish, talabalar amaliyotini tashkil etish yuzasidan hamkorlik qiladi. 2022 yildan buyon ayni vaqtgacha korxonada 120 nafar talaba dual ta’lim asosida tahsil olgan. Institutni bitirgan 10 nafardan ortiq talaba korxonada ishlaydi. 2024/2025 o‘quv yilida 18 nafar talaba dual ta’lim asosida tahsil olish bilan bir vaqtda oylik maosh olib o‘z mehnat faoliyatini olib bormoqda.

Shundan so‘ng jurnalistlar “Nurtex” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. MCHJ Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan talabalar amaliyotini tashkil etish, 2022 yildan buyon talabalarni dual ta’lim asosida o‘qitish yuzasidan hamkorlik qiladi. Talabalarga korxonaning yetuk mutaxassislari zamonaviy tikuv mashinalarida, tugma qadash va izma ochish yarim avtomatlarida, namlab isitib ishlov berish uskunalarida, bichish dastgohlarida ishlashni o‘rgatadi. Dual ta’lim shaklida tahsil olish jarayonida talabalarga oylik maosh berib boriladi.

Press-turning so‘nggi manzili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bo‘ldi. OTMda yangi texnoparkning ochilish marosimi tashkil etildi. Unda talabarni ishlab chiqarish jarayoniga tayyorlash barcha shart-sharoit yaratilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA