11 nafar yosh shaxmatchimiz jahon chempionatida qatnashmoqda

171

Chernogoriyaning Petrovats shahrida shaxmat bo‘yicha U20 yosh toifasi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Dunyoning 60 dan ziyod davlatlaridan mahoratli shaxmatchilar ishtirok etayotgan jahon chempionatida mamlakatimiz sharafini 11 nafar shaxmatchimiz himoya qilmoqda. Ularning 6 nafari erkaklar, 5 nafari xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashmoqda.

Erkaklar musobaqasida 58 ta davlatning 150 nafar, ayollar musobaqasida 49 ta davlatning 98 nafar shaxmatchisi dona surmoqda.

Kecha chempionatning 1-tur o‘yinlarida terma jamoamiz a’zolaridan Muhammadzohid Suyarov, Asrorjon Omonov va Miraziz Matyoqubov g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Humoyun Bekmuratov, Oriyat Obidjonov, Muhiddin Madaminov durang natija qayd etdi.

Xotin qizlar o‘rtasida o‘tgan dastlabki tur o‘yinlarida hamyurtlarimizdan Afro‘za Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova raqiblarini dog‘da qoldirdi. Yosh shaxmatchi qizlarimizdan Nilufarxon Imomqo‘ziyeva raqibi bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Barchinoy Shokirjonova imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 26 fevral kuni jahon chempionatining 2-tur bahslari tashkil etiladi.

11 turdan iborat jahon chempionati musobaqalari 8 martga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA