O‘zbekiston va Pokistonning ulkan salohiyatga ega iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi

628

Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida 26 fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.

2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumlari va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Keyingi bir necha yilda “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda, o‘zaro Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif ko‘p qirrali O‘zbekiston – Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladilar.

Ikki mamlakat yetakchilari huzurida tashrif davomida imzolangan quyidagi hujjatlar almashildi:

– Fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida bitim;

– Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Professional ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Yoshlarga oid siyosat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– diplomatik akademiyalar, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar va ahdlashuvlar hamda boshqa hujjatlar.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida uchrashuvlar samarali bo‘lganini alohida qayd etib, ushbu tarixiy tashrif O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligida yangi sahifa ochishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.

Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda, siyosiy maslahatlashuvlar, qator ishbilarmonlik tadbirlari va O‘zbekiston sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni belgilab olgani, Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etishga kelishib olingani ta’kidlandi.

O‘zaro savdo hajmini keskin oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va unga qulay sharoitlar yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Global va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasidagi yaqin aloqalar hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.

Afg‘onistonni tinch rivojlantirish, Falastin masalasini diplomatik yo‘l bilan hal etish borasidagi pozitsiyalar yaqin ekani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, xavfsizlik sohasida, terrorizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi almashinuvni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Madaniyat va san’at festivallarini o‘zaro o‘tkazish, sayyohlar oqimini, shu jumladan, “Umra plyus” dasturi doirasida oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdilar.

Tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining 300 nafarga yaqin rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Pokiston tomonidan “Al-Rafique Enterprises,” “Mehran Dates Products”, “Brighto Chemicals”, “Transfopower Industries”, “FWO”, “T.M.C”, “Pakistan Mobile”, “TCS” va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarda ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingani, katta reja va vazifalar belgilab olinganini ta’kidladi. Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzishga kelishib olindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning “lokomotivi” sifatida belgilandi.

– Ulkan salohiyatga ega bo‘lgan iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldirishga qodir, – dedi Prezidentimiz.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi, qator yirik qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Shu jihatdan O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo sherigiga aylandi.

Keyingi yillarda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Lahor bilan aviaqatnovlar tiklandi, reyslar sonini ko‘paytirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish rejalashtirilgan. Biznes forumlari, sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazilmoqda. Karachi va Toshkent shaharlarida savdo uylari tashkil etilgan.

O‘zbekiston – Pokiston hamkorligi yangi loyihalar bilan boyimoqda. “Pak Merit”, “Diamond Group”, “Silk-way”, “Getz Pharm”, “Gerbion”, “NLS” va boshqa kompaniyalar bilan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Avvalo, yiliga kamida ikki marta – O‘zbekiston va Pokistonda biznes vakillarini keng jalb qilgan holda ishbilarmonlik tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish muhimligi ta’kidlandi.

Jug‘rofiy yaqinlikni hisobga olib, tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish, shu jumladan, amaldagi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, fitosanitariya, karantin va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelajakda ushbu strategik yo‘l Pokiston bandargohlariga olib chiqishi mumkin, bu esa o‘zaro savdo va investitsiyalarni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish mamlakatlarimizning tub manfaatlariga mosdir.

Hududlararo hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shu ma’noda, hududlar rahbarlarining o‘zaro tashriflarini faollashtirish, bunda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini keng jalb etish muhimligi qayd etildi.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini, shuningdek, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, sheriklikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Shu bilan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari