Pokiston delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonning innovatsion salohiyati bilan tanishdi

Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi vakillari Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.
Ushbu zamonaviy innovatsion majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida barpo etilgan.
Bugungi kunda bu yerda 465 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar evaziga 18 ta ishlab chiqarish maydoni joylashgan.
Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi vakillariga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik elektrotexnika mahsulotlari, shu jumladan, lift va eskalatorlar, sanoat sovitish tizimlari, energiya tejamkor isitish suv qozonlari va individual issiqlik nasoslari, aqlli elektron hisoblagich va gaz taqsimlash punktlari, suv nasoslari, maishiy texnika va zamonaviy qurilish materiallari va boshqalar namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, yetakchi xorijiy brendlar ostida va ular nazoratida ishlab chiqarilayotgan bu tovarlar ichki va tashqi bozorlarda katta talabga ega. Ayni paytda bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning yigirma beshdan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda.
Ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tajribasi bilan o‘zaro almashish muhimligi ta’kidlandi.
Pokistonlik mehmonlar Texnopark hududida tashkil etilgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar” ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.
Ziyodulla JONIBEKOV, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA


























