O‘zbekiston – Polsha: Biznes-ombudsmanlari hamkorlik memorandumini imzoladi

202

Poytaxtimizda O‘zbekiston – Polsha hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Dilmurod Qosimov va Polshaning Kichik va o‘rta korxonalar bo‘yicha ombudsmani Agneshka Mayevska ikki tashkilot o‘rtasida samarali hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan memorandumni imzoladi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tajriba va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida imzolangan ushbu memorandumda tomonlar tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish, ularga huquqiy yordam ko‘rsatish hamda sohaga oid axborot almashish kabi masalalarda hamkorlik qilishi belgilangan.

Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga kuchli turtki bo‘lmoqda.

Shuningdek, u Polsha investitsiyalar va savdo agentligining Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, mazkur memorandum O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, tadbirkorlar va investorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA