Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda startap ekotizimi rivojlantiriladi
Raqamli texnologiyalar vazirligida “Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda startap ekotizimini rivojlantirish” bo‘yicha forum tashkil etildi.
Tadbir universitetlar, startap ekotizimi ishtirokchilari, investorlar va korporativ sektor vakillarini bir joyga jamladi. Forum universitetlarni innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirish, talabalarni startap faoliyatga jalb qilish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish hamda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Bugungi kunda startap ekotizimi nafaqat biznesni rivojlantirish, balki innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy qilish, raqamli iqtisodiyotni kengaytirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash uchun muhim vosita hisoblanadi. Shu bois, universitetlarning bu jarayonda faol ishtiroki katta ahamiyat kasb etadi.
Forum startaplar alleyasining tashkil etilishi bilan boshlandi. Bu maydonda talabalarning turli innovatsion g‘oyalari va loyihalari namoyish qilindi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov startapchilar bilan suhbatlashdi hamda startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Talabalarni tadbirkorlikka tayyorlash, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish, davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Forum davomida sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan startaplarni moliyalashtirish, universitetlarning ekotizimga qo‘shayotgan hissasi, hududlarda startap-parklarini tashkil etish, xalqaro inkubatsiya dasturlari va biznes-startaplar hamkorligi kabi mavzularda taqdimotlar va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum startap ekotizimini rivojlantirish, universitetlar va biznes o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatish hamda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi. Bu nafaqat universitetlar, balki butun mamlakatning innovatsion taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi.

N.Rahmonova, O‘zA